O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi buyruq Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Kiritilgan o`zgartirishlarga muvofiq endilikda advokatning himoya ostidagi shaxs bilan audio va video kuzatuv qurilmalari bo`lmagan maxsus xonada hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o`z vaqtida va hech qanday to`siqlarsiz uchrashishi ta`minlanadi, bunda advokat va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual ko`rib turish imkoniyati saqlab qolinadi.
Shuningdek, advokatning himoya ostidagi shaxs bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bunda advokat tomonidan elektron vositalardan ma`lumotlarni qayd etish bilan bog`liq bo`lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.






