O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegasiya Fransiyada Parij Akademiyasi rektori, Il-de-Frans Akademik mintaqasi vaziri J.Peko bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida o`rta, o`rta maxsus va professional ta`lim yo`nalishidagi hamkorlik, O`zbekistonda Fransiya oliy ta`lim muassasalari filialini ochish, shuningdek shartnoma-huquqiy bazasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ikki mamlakat ta`lim vazirliklari o`rtasida hamkorlikka doir yangi bitim va dasturlar imzolanishiga kelishildi.
J.Peko O`zbekiston ta`lim tizimidagi muvaffaqiyatli islohotlarni diqqat bilan kuzatayotganini alohida ta`kidlab, mamlakat rahbariyatiga fransuz tili va madaniyati targ`iboti masalasiga bo`lgan yuqori e`tibor uchun minnatdorchilik bildirdi.

Muzokaralar yakunlariga ko`ra, Toshkent shahrida Fransiya universitetlaridan birining filialini ochish, O`zbekistonda ikki mamlakat Oliygohlar rektorlarining birinchi sammitini o`tkazish, qo`shma fakultet va kafedralarni ta`sis etish, shuningdek pedagog va talabalar almashuvi borasida kelishuvga erishildi.
Eng avvalo turizm va qishloq xo`jaligi sohalaridagi o`zaro hamkorlikning ustuvor yo`nalishlarini rivojlantirish maqsadlarida tomonlar yaqin orada Parij Akademiyasi va O`zbekiston oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi o`rtasida 2019-2021 yillar uchun maqsadli Hamkorlik dasturini imzolashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Akademiya vakili shuningdek O`zbekiston Madaniyat vazirligi qoshida Fransuz madaniyat markazi faoliyatini yo`lga qo`yishda ishtirok etish istagini bildirdi.
.jpg)
Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida 2018 yilning sentyabrida O`zbekiston delegasiyasining Fransiyaga tashrifi rejalashtirilmoqda. Ushbu tashrif davomida fransuz oshxonasi va mehmonxona-restoran biznesining maxsus taqdimoti tashkil qilinadi.






