O`zbekiston va Fransiya o`rtasidagi ta`lim yo`nalishidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilmoqda.
Shu kunlarda Parijda qator muzokaralar o`tkazayotgan Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi Fransiya Xalq ta`limi vazirligi rahbariyati bilan uchrashdi.
Tadbir davomida maktabgacha ta`lim, o`rta, o`rta maxsus va professional ta`lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek O`zbekistonda Fransuz tili va madaniyati markazlarini tashkil qilish hamda shartnoma-huquqiy bazasini kengaytirish, shu jumladan ikki mamlakat ta`lim vazirliklari o`rtasida yangi bitim va hamkorlik dasturlarini imzolashga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunlariga ko`ra, ta`lim sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir kelishuvga erishildi. O`zbekistonda maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish, ixtisoslashgan maktablar soni va fransuz tilini o`qitish soatlarini oshirish rejaga kiritildi.
Bundan tashqari, fransuz tilidagi o`quv materiallari, qo`llanmalar va multimedia ilovalarini ishlab chiqishga kelishildi.
Tomonlar yaqin orada O`zbekiston-Fransiya Maktabgacha ta`lim vazirliklari hamda Xalq ta`limi vazirliklari o`rtasida 2019-2020 yillar uchun Hamkorlik dasturini imzolashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.






