Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash – jamiyatimizdagi ustuvor vazifalardan biri. Ana shunday salbiy illatlardan biri, shubhasiz, poraxo`rlikdir.
Bilasiz, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko`ra, “pora olish” bilan birga, “pora berish” holati bo`yicha ham tegishli jazo tayinlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va axborot-tahlil multimedia markazi bilan hamkorlikda tayyorlangan navbatdagi sharh shu haqda, deb yozmoqda O`zA.
“Poraxo`r, poraxo`r” deymiz-u, aslida kaltakning ikkinchi tomoni ham borligini unutib qo`yamiz. O`sha tomonni mahkam tutganlar “bergan Xudoga yoqibdi”, deyilmish naqlni o`ziga bayroq qilib olgan shekilli. Poraxo`r deganining ham “dumchasini suv oldirgan”, “shirinkoma” bilan rag`batlantirib, bu baloga bamisli nashavanddek o`rgatib qo`ygan ham aslida pora tutqazguvchi bo`ladi. Keyin esa “o`rgangan ko`ngilning o`rtanishidan” bezib, dunyoga jar solamiz.
Bu gaplarni qo`limizda aniq holat borligi uchun gapiryapmiz. Eng katta miqdor qayd etilganidan boshlasak ham, xiyla kamtarrog`idan boshlasak ham – shu gap. O`zingizdan qolar gap yo`q – jinoyatning, jinoyatchining eng katta “nahanglari” ham chavag`dekligidan boshlanadi: “Gadoy bir eshikdan o`tguncha iymanarkan...”.
E`tibor qiling, 2018 yilning 6 oyi davomida prokuratura organlari xodimlariga pora taklif qilgan 22 shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilgan. Ulardan 2 marta – bevosita prokuratura bo`linmalariga, 3 holatda – Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti xodimlariga, ya`ni 17 holatda – Majburiy ijro byurosi vakillariga taklif qilingan. Yana deng, bu poralarning boshqalarga emas, aynan qonun himoyachilariga “atalgan”ini aytmaysizmi...
Endi aniq misollarga o`tamiz. Shu yilning 11 iyunida Toshkent viloyati O`rtachirchik tumani Tutzor mahallasida yashovchi Alimardon Xalqulov Departamentning Mirobod tumani bo`limi inspektori Mars Sultonovga 500 AQSh dollari berishni taklif qiladi. Pora berishdan ko`zlangan muddaoni eshitsangiz, yoqa ushlashingiz tayin. Mirobod tuman Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining sanitariya vrachi bo`lmish D.Aymatov “Mirobod dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Farg`ona shahobchasida ruxsat berilmagan joyda, gigiena qoidalariga zid ravishda faoliyat ko`rsatayotganligini vaj qilib, bir yurtdoshidan pora olgan, o`tkazilgan tezkor tadbirda u ashyoviy dalillar bilan qo`lga tushgan. 500 dollarlik pora esa – aynan o`zi pora bilan qo`lga tushgan Aymatovning aybini engillatish uchun taklif qilingandi. Bir jinoyat ikkinchisini boshlab kelgan, boshqacha aytganda, poraxo`r o`rtaga odam suqib, pora bermoqchi...
Departament xodimlari Qo`qon shahar veterinariya bo`limida tekshiruv o`tkazadilar va u erda ko`plab qonun buzilishi holatlari aniqlanadi. Bundan sarosimaga tushgan bo`lim rahbari Ikromjon Esanboev kamchiliklarini yashirish uchun departament xodimlariga pora taklif qiladi. Joriy yilning 23 iyun kuni departamentning Qo`qon shahar bo`limi binosida Ikromjon Esanboev 1 million so`m pulni pora tariqasida berayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan qo`lga olindi. Uni ayblash uchun ham 211-modda naqd bo`ldi...
Vodiydan yana bir misol. Shu yilning aprel oyida “Namangan don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy xo`jalik faoliyati yuzasidan o`tkazilgan hujjatli taftishda korxonadagi qurilish va ta`mir ishlarida qator qallobliklar aniqlanadi. Ochiqroq aytganda, aksiyadorlik jamiyatida umumiy miqdori 12,2 mln. so`mlik bajarilmagan qurilish ishlari “bajarildi”, deya qo`shib yozilgan va tayinki, bu moliyaviy firib tekshiruvchilar nazariga tushgan. Qurilish-ta`mir ishlari esa Namangandagi “Hamkor agroqurilishservis” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan edi. Tekshiruv natijasida etkazilgan 12,2 mln. so`mlik zarar – naqd pul shaklida, qurtdek qilib to`lash so`ralgan. Shunda, qurilish korxonasi rahbari Ergash Mamajonov jinoiy javobgarlikka tortmaslik hamda jinoyat ishining unga nisbatan bo`lgan qismini tugatib, sudga chiqarmaslik evaziga 300 AQSh dollarni pora tariqasida berishni taklif qiladi. Talvasaga tushgan pora berguvchi jinoyat ustida – pulni tergovchi X.Umrzoqovning xizmat stoli ustidagi kitobga solib qo`ygan vaqtda ushlandi.
Endigi holat Majburiy ijro byurosi xodimiga berilmoqchi bo`lgan pora haqida. Qashqadaryo viloyati G`uzor tumanida Sovlig`ar qishlog`ida yashovchi Toshtemir Rustamov o`g`lining uyida elektr energiya tarmog`iga noqonuniy ulanib foydalanayotganligi yuzasidan tuzilgan dalolatnoma bo`yicha belgilanadigan ma`muriy jarima miqdorini kamaytirib berish evaziga Byuroning tuman bo`limi surishtiruvchisi Jahongir Nafasovga bir yarim million so`m pora taklif etadi. Bu holatda ham pora berguvchining jinoyati rasmiylashtiriladi va JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`aladi.
Hurmatli yurtdoshlar, huquqimiz bilan birga, burchimizni ham yoddan chiqarmaylik. O`z qo`limiz bilan jamiyat ravnaqiga rahna soluvchi korrupsiya deya atalmish baloga yo`l ochmaylik. Unutmang, qonunchiligimizda pora oluvchiga ham, uni beruvchiga ham jazo muqarrardir!






