Saxovat va mehr-oqibat ayyomi bo`lgan muborak Qurbon hayiti munosabati bilan Prezidentimizning yurtdoshlarimizga yo`llagan bayram tabrigi yurtimizning barcha mo`min-musulmonlari qatori, haj amalini ado etayotgan hojilarimizni ham nihoyatda quvontirdi.
Ushbu tabrikda yurtimiz hojilariga bildirilgan yuksak ishonch barcha hojilarimizga quvonch ulashish bilan birga, katta mas`uliyat ekanligini ular e`tirof etdi. Tabrikni O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hojilarimizga o`qib eshittirdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi o`rinbosari, “Haj-2018“ mavsumining ishchi guruh rahbari Nuriymon Abulhasan ushbu bayram tabrigi mazmun-mohiyatini hojilarimizga tushuntirib berdi. Xususan, hojilarimiz o`z ibodatlarini ado etib bo`lgach, yurtimizga qaytganlaridan so`ng oilalar mustahkamligini ta`minlash, adashgan yoshlarni to`g`ri yo`lga boshlash hamda ularni komil inson qilib tarbiyalashda yanada faolroq bo`lishlarini ta`kidlab o`tdi.
Yurtimiz hojilari Makkai Mukarramadek niyatlar qabul va duolar mustajob bo`ladigan maskanda Prezidentimizga kuch-quvvat so`rab, yurtimiz tinchligi va hayotimiz farovonligini so`rab duolar qildi.






