Joriy yilning 15-17 avgust kunlari Xitoyning Pekin shahrida Robototexnika bo`yicha xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Konferensiya doirasida maktabgacha ta`lim muassasalari va umumta`lim maktablari o`quvchilarining robototexnika loyihalari tanlovi ham tashkil etildi. Tanlovda jahonning 20 dan ziyod mamlakatidan 350 dan ortiq bolalar ishtirok etib, o`zbekistonlik Sitora Islamova (2006 yilda tug`ilgan) va Artem Dolganovskiylar (2012 yilda tug`ilgan) “Ijod” yo`nalishining “Shahar” nominasiyasida oltin medal va “Oltin sovg`a” kubogini qo`lga kiritdi.

O`zbekistonlik ishtirokchilarning “Robot-ofisiant”i mehmonlarga o`zbek zamini noz-ne`matlari va shirinliklarini etkazib berish mahoratini ko`rsatgan bo`lsa, ikkinchi robot “Andijon polkasi” raqsini ijro etib, yig`ilganlar e`tirofiga sazovor bo`ldi. Hay`at baholashda kreativ dizayn, robotning barqarorligi, buyruqlarni aniq bajarish qobiliyati kabi mezonlarga tayandi. Shuni qayd etish joizki, o`zbekistonliklar tanlovda ishtirok etgan Markaziy Osiyo mintaqasidan yagona jamoa hisoblanadi.

Xitoydan qaytib kelgan Sitora Islamova va Artem Dolganovskiylar joriy yilning 30 noyabr 1 dekabr kunlari Tailandda o`tkaziladigan Neyrotexnologiyalar va robototexnika bo`yicha xalqaro tanlovga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Toshkent shahar hokimligi jamoaga barcha zarur sharoitlarni yaratish ishlarini olib bormoqda.
Ma`lumot uchun, Toshkent shahar hokimligi tomonidan Turin politexnika universitetida bolalar bog`chalari tarbiyachilari va pedagoglar uchun robototexnika kurslari tashkil qilib kelmoqda.






