O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda 2014 yilda bo`lib o`tadigan saylovlarni yoritish bo`yicha respublika matbuot markazini tashkil etishga oid masala ko`rib chiqildi. Bu haqda O`zA xabar beradi.
“O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi 2014 yilgi saylov jarayonini yoritish bo`yicha respublika matbuot markazini tuzish to`g`risida qaror qabul qildi.
Matbuot markazining asosiy vazifalaridan biri mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari xodimlariga saylovga tayyorgarlik ko`rish va saylov jarayonini yoritish, axborot olish va uni tarqatish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratishdir. 2014 yilgi saylov jarayonini yoritish bo`yicha matbuot markazi Toshkent shahri Navoiy ko`chasi 16-uydagi O`zbekiston Milliy matbuot markazi binosiga joylashtirildi.





