Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduxakimov bergan ma`lumotga ko`ra, Davlat qabul komissiyasining 5-son bayoni asosida jami 276 ta yo`nalish bo`yicha oshirilgan to`lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlandi.
Unga ko`ra, eng arzon super-kontrakt miqdori 82 mln 935 ming so`m bo`lib, 141 ta yo`nalishda (51,1%) abiturientlar ayni shu miqdordagi super-kontraktni to`lab talabaga aylanishlari mumkin.
Eng qimmat super-kontrakt esa o`tgan yildagidek huquq sohasi uchun belgilandi – 25 barobar! Bunga ko`ra, yurist bo`laman degan, lekin etarli ball to`play olmagan abiturientlar birinchi yil uchun 276 mln 450 ming so`m to`lab, talaba bo`lishlari mumkin.
Shu kabi super-kontrakt uchun 276 ta yo`nalishga jami 11 xil miqdordagi narxlar belgilandi.
Eslatma: to`plagan ballari to`lov-kontrakt doirasidagi qabul kvotalari chegarasiga 4 balldan ortiq ball etmagan, biroq eng yuqori ballning 30%dan (56,7 ball) kam bo`lmagan holda, o`qish istagini bildirgan abiturientlar super-kontrakda o`qishi mumkin.
Super-kontrakt faqat birinchi yil uchun to`lanadi (oddiy kontraktning summasi ham shuning ichida), keyingi yillarda el qatori oddiy kontrakt to`lanadi.






