Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) o`rtasida imzolangan Grant kelishuviga muvofiq 15 nafar davlat idoralari xodimlari magistratura va doktorantura dasturlari bo`yicha Yaponiyaning nufuzli oliy o`quv yurtlarida tahsil olishadi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligida O`zbekiston hamda Yaponiya huqumati o`rtasidagi “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” loyihasining joriy yildagi sovrindorlari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari Uzoqboy Begimqulov, “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” (Japanese Grant Aid for Human Resource Development Scholarship – JDS) loyihasining O`zbekistondagi vakili Kaino Aya hamda loyihaning joriy yilgi g`oliblari qatnashdi.
Vaziri o`rinbosari Uzoqboy Begimqulov mamlakatimizda zamonaviy yo`nalishlar va mutaxassisliklar bo`yicha kadrlar tayyorlashni yo`lga qo`yish, dunyoning etakchi ilmiy-ta`lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o`rnatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to`xtaldi.
JDS granti g`oliblari Yaponiyada ta`lim olishda ko`zlagan maqsadlari hamda u erda olgan bilim va orttirgan tajribalarini kelajakda yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo`lida safarbar etishlari haqida aytib o`tishdi.
Uchrashuv yakunida vazir o`rinbosari U.Begimqulov Grant sovrindorlarini qutlar ekan ularga davlatimiz va xalqimiz bildirgan ishonchni oqlash uchun o`z ustida tinimsiz ishlashlari hamda vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo`shishlarida muvaffaqiyat tiladi.
Ma`lumot uchun, shu yilning 10 avgust kuni Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Muneo Takasaka hamda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Inom Majidov tomonidan jami 262 mln. yapon ienasi (2,3 mln dan ortiq AQSh dollari) miqdorida Grant kelishuvi imzolangan edi.






