O`zbekiston terma jamoasi FIFA kunlaridan unumli foydalanish maqsadida bir qator o`rtoqlik uchrashuvlari o`tkazish bo`yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda O`zbekiston futbol assosiasiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, 6 sentyabr kuni Toshkentdagi “Milliy” stadionida O`zbekiston milliy terma jamoasi Suriyaga qarshi bahs olib boradi. O`yin muxlislar uchun qulay bo`lgan payt soat 20:00da boshlanadi.
Bundan tashqari, 13 oktyabr kuni Shimoliy Koreya bilan, 16 oktyabr kuni esa Qatar terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik o`yinlari bo`lib o`tadi. Uchrashuvlar Toshkentda o`tkaziladi.
Ektor Kuper mazkur o`yin orqali O`zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibini shakllantirib boradi.
Hozirda qolgan FIFA kunlarida ham O`zbekiston milliy terma jamoasi uchun o`rtoqlik o`yini tashkil qilish borasida muzokaralar olib borilmoqda. Jumladan, Eron futbol federasiyasi bilan o`tkazilayotgan muzokaralar ijobiy yakuniga etsa, 11 sentyabr kuni Eron terma jamoasiga qarshi uchrashuv ham Toshkentda bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, oy boshida O`zbekiston terma jamoasiga Ektor Kuper bosh murabbiy etib tayinlangandi. Uning terma jamoa bilan shartnoma muddati 3+1 ko`rinishida imzolangan.






