AsosiyJamiyat

Mehribonlik uyi xodimlariga engil jazo tayinlanganmidi? Viloyat sudi bunga javob qaytardi

'Mehribonlik uyi xodimlariga engil jazo tayinlanganmidi? Viloyat sudi bunga javob qaytardi'ning rasmi

Marg`ilon shahridagi Mehribonlik uyining sobiq direktori va xodimlariga nisbatan sud hukmi o`qilgani haqida xabar bergan edik.

Ijtimoiy tarmoqlarda Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo`jaevaning Marg`ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyi mansabdor shaxslariga nisbatan chiqarilgan hukm bilan sudlangan shaxslarga nisbatan engil jazo tayinlangani haqidagi chiqishi berildi. Shuningdek, bu bo`yicha turli e`tirozlar bildirilmoqda.

Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudi bu borada O`zbekiston Milliy axborot agentligi-O`zAga quyidagilarni ma`lum qildi.

Darhaqiqat, jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudi tomonidan Marg`ilon shahar 1-sonli Mehribonlik uyi direktori lavozimida ishlagan K.Yakubov O`zbekiston Respublikasi JK 207-moddasining 1-qismi, 115-moddasining 1-qismi, 167-moddasi 3-qismining “a” bandi, 209-moddasining 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Tushintiriladiki, O`zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksi 207-moddasining (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismida ko`rsatilgan jinoyat uchun ushbu modda sanksiyasida eng yuqori jazo 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 115-moddasining (ayolni o`z homilasini sun`iy ravishda tushirishga majburlash) 1-qismida 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 209-moddasining (mansab soxtakorligi) 1-qismida 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 167-moddasining (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 3-qismida 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

q7eveq7smv72578-3.jpg

Qonunda shuningdek, 167-moddasining 4-qismida etkazilgan moddiy zararnining o`rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo`llanilmaydi deb ko`rsatilgan.

Tergov organi tomonidan K.Yakubov voyaga etmagan farzandi A.Yoqubovni jinoyatga, ya`ni Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan qonunsiz harakat qilishga jalb qilgan deb, topilgan va O`zbekiston Respublikasi JK 127-moddasi (voyaga etmagan shaxsni g`ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) 3-qismi “v” bandi bilan ayblangan. Bu toifa jinoyat uchun besh yildan o`n yilgacha jazo belgilangan.

Tergovda K.Yakubovning 2005 yil 5 oktyabrda tug`ilgan 12 yoshli voyaga etmagan farzandi A.Yokubov jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga etmagani sababli, jinoyat ishining unga nisbatan qismi JPKning 84-moddasi 5-qismi 3-bandiga asosan harakatdan tugatilgan.

Bir necha oy davom etgan sud jarayonida voyaga etmagan A.Yoqubovning Mehribonlik uyiga kelib turishi, tengqur bolalar bilan o`ynashi, kichik yoshdagi bolalarni o`ynatgani, jahli chiqqanda ularni urgani, so`kkani haqida ko`rsatmalar berilgan.

Ammo, ayni K.Yakubov farzandini jinoiy harakatga jalb etganini tasdiqlovchi biron bir dalil topilmagan, jabrlanuvchi va guvohlar bu haqda ko`rsatma berishmagan. Vaholanki, qonunga ko`ra K.Yakubovni bu modda bilan ayblash uchun uning tomonidan voyaga etmagan shaxsni ma`lum bir jinoyat sodir etish uchun harakatlarni bajarishga ko`ndirishga yoki jalb etishga qaratilgan biror-bir aniq harakat mavjud bo`lishi kerak edi. Shu sababli, K.Yakubovning aybidan O`zbekiston Respublikasi JK 127-moddasi 3-qismining “v” bandi chiqarilgan.

Bundan tashqari, sud tomonidan Mehribonlik uyi ma`naviy-marifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari lavozimida ishlagan S.Usmanov, Mehribonlik uyi feldsheri vazifasida ishlagan I.Yo`ldashev, Mehribonlik uyi tarbiyachisi vazifasida ishlagan H.Yakubova, R.Abdufattoev, N.Solieva, Mehribonlik uyi enagasi vazifasida ishlagan D.Djuraboeva, X.To`raeva, Mehribonlik uyi bosh hisobchisi lavozimida ishlagan A.Muydinova, hisobchi A.Saidkamalovalarga nisbatan ular ayblangan moddalar sanksiyasi doirasida jazo tayinlangan.

Yuqoridagi chiqishlarda bildirilgan Mehribonlik uyi faoliyati ustidan vazifasiga ko`ra nazorat qilishi zarur bo`lgan mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko`rilmadi, degan e`tiroz yuzasidan viloyat sudi tomonidan hukm bilan bir vaqtda – joriy yilning 6-avgust kuni Marg`ilon shahar 1-sonli Mehribonlik uyi mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan sh

art-sharoitlarni bartaraf qilish to`g`risida Farg`ona viloyat xalq ta`limi boshqarmasiga hamda Marg`ilon shahar 1-sonli Mehribonlik uyiga nisbatan xususiy ajrimlar chiqarilgani va taraflarga e`lon qilingani bildiriladi.

Qonunga ko`ra xususiy ajrim sud hukmi qonuniy kuchga kirganidan so`ngina tegishli manzilga ko`rib chiqish uchun yuboriladi.

Shuningdek, Mehribonlik uyi xodimlari va rahbarlari tomonidan sodir qilingan boshqa og`ir jinoyatlar–tarbiyalanuvchilarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo`yicha jinoyat ishi jabrlanuvchilarning qadr-qimmatini asrash uchun O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 560-moddasiga ko`ra alohida ish yurituviga ajratilgan va hozirda viloyat sudining yopiq sud majlisida ko`rib chiqilmoqda.

Mazkur ish bo`yicha ham sudlov yakuni bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi.

Qonunda belgilangan muddatda mazkur sud yakuni haqida va yuqori idoralarga yuborilgan xususiy ajrim ijrosi haqida tegishli tartibda ma`lum qilinadi.

    Boshqa yangiliklar