Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimlari Moskva davlat universitetida malaka oshirmoqda.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati universitetda faoliyat olib borayotgan professor-o`qituvchilar, ilmiy izlanuvchilardan iborat xodimlarni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetiga malaka oshirish uchun yubordi. Malaka oshirish muddati ikki haftani tashkil etadi.
Joriy yilning 5 avgustidan 19 avgustiga qadar jami 15 nafardan iborat professor-o`qituvchilar Moskva davlat universiteti bilan imzolangan o`zaro kelishuvga binoan ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlarni modellashtirish, istiqbol ko`rsatkichlarni hisoblash va tanqidiy tahlil qilishning usul va vositalari bo`yicha o`z malakalarini oshiradi.
Eslatib o`tamiz, mazkur xalqaro hamkorlik faoliyati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi PQ-3775-son qarorida belgilangan professor-o`qituvchilarning yuqori kasbiy mahorat va zamonaviy bilimlarga ega bo`lishini ta`minlash to`g`risidagi vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
O`zA






