Faoliyati o`rganilishi rejalashtirilgan NNT rahbari yozma ravishda xabardor qilinadi.
Hukumat qarori bilan Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini adliya organlari tomonidan monitoring qilish va o`rganish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqida vazirlikning “Huquqiy axborot” kanali ma`lum qildi.
Nizomga muvofiq, adliya organlari nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) tomonidan qonun hujjatlariga, ustav faoliyatiga, ta`sis hujjatlariga rioya etilishi, ularga ajratilgan mablag`lardan maqsadli foydalanilishini va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa masalalarni o`rganadi.
O`rganishlar adliya organi rahbarining buyrug`iga muvofiq amalga oshiriladi. Mazkur buyruq o`rganish o`tkazilishidan kamida o`n kun oldin qabul qilinadi va bu haqda faoliyati o`rganilishi rejalashtirilgan NNT rahbari yozma ravishda xabardor qilinadi.
O`rganish muddati 30 kundan oshmasligi lozim.
O`rganish natijalariga ko`ra 5 ish kuni ichida belgilangan tartibda ta`sir choralari ko`riladi.
Xususan, taqdimnomalar kiritish, mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish, moddiy zararni qoplash bo`yicha yuqori turuvchi organ yoki sudga murojaat qilish va .h.k.
Nizomda belgilanishicha o`rganishlarning to`liq xolisona o`tkazilishi uchun o`rganish o`tkazgan adliya organining mas`ul xodimi shaxsan javobgar hisoblanadi.
O`zA






