O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 avgust kuni Bunyodkor ko`chasida yangi qurib bitkazilgan ko`prikni kelib ko`rdi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lumki, Bunyodkor ko`chasi poytaxtimizning eng serqatnov yo`llaridan biri. Bu ko`chaning Toshkent halqa yo`li, Farhod, Muqimiy, Islom Karimov, Navoiy va boshqa yirik ko`chalar bilan kesishgan joylarida yo`l o`tkazgich va tunnellar qurilgan.
Prezidentimiz topshirig`iga muvofiq Bunyodkor va Cho`pon ota ko`chalari chorrahasida ham yangi ko`prik bunyod etildi. Buning natijasida endi Bunyodkor ko`chasi bo`ylab to`xtovsiz va xavfsiz harakat ta`minlanadi. Yo`l o`tkazgichda transportlar 6 ta qatorda harakatlanadi.
Shuningdek, bu erda 124 metrlik ikkita piyodalar o`tish ko`prigi qurilgan. Nogiron va keksalarga qulaylik yaratish maqsadida lift va eskalator o`rnatilgan.
Davlatimiz rahbari hududda amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Bunday inshootlarni qulaylik va xavfsizlik nuqtai nazaridan aql bilan loyihalashtirish, ularni sifatli va zamonaviy qilib qurish zarurligini ta`kidladi. Ushbu maydon va ko`chalarda odamlarga qulayliklarni yanada oshirish bo`yicha o`z fikrlarini bildirdi.
Shavkat Mirziyoev G`afur G`ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog`ini ham kirib ko`rdi. Bog`ni zamonaviy qilib qayta qurish, bu erda ochiq va yopiq akvapark barpo etish bo`yicha topshiriq berdi. Bog`dagi bironta ham daraxt kesilmasligi kerakligini ta`kidladi.














