Oilaviy mehmon uyini tashkil etish uchun tegishli turar joyga ega bo`lgan shaxs Oilaviy mehmon uylarini ro`yxatga olish va uning yagona reestriga kirish uchun ariza berishi kerak.
Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar qilmoqda.
Qarorga muvofiq, oilaviy mehmon uyi – mazkur mehmon uyida uy egasining oila a`zolari bilan birga yashash tamoyili bo`yicha bir vaqtning o`zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (turistlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo`yicha xizmatlar ko`rsatuvchi xususiy uy-joydir. Bunda mazkur joy har bir yashovchi shaxsga 3 m2 hisobidan to`g`ri keladigan turar-joy maydoniga ega bo`lishi lozim.
Oilaviy mehmon uyini tashkil etish uchun tegishli turar-joyga ega bo`lgan shaxs Oilaviy mehmon uylarini ro`yxatga olish va uning yagona reestriga kirish uchun ariza berishi kerak. Mazkur reestr Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan yuritiladi.
Qo`mita hujjatlarni olgan kunidan boshlab ularni uch ish kuni davomida ko`rib chiqadi hamda natijalar yuzasidan dalolatnomani rasmiylashtiradi.
Ushbu dalolatnoma asosida uylar yagona reestrga kiritiladi, reestrga kiritilgandan so`ng tegishli xizmatlarni ko`rsatish mumkin bo`ladi.
Reestrga kiritish to`g`risidagi arizani ko`rib chiqish va ko`chirma berish uchun to`lov undirilmaydi.
Oilaviy mehmon uylari yagona reestriga kiritilgan tadbirkorlar buyurtmalariga binoan eng kam ish haqining 300 barobarigacha miqdorda, besh yil muddatga, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratilishi mumkin.
Reestr elektron shaklda yuritiladi va Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Reestr Internet axborot tarmog`ida onlayn rejimida yangilab turiladi.






