AsosiyJamiyat

O`zbekiston mudofaa vazirligida Tojikiston harbiy delegasiyasi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi (foto)

'O`zbekiston mudofaa vazirligida Tojikiston harbiy delegasiyasi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi (foto)'ning rasmi

7 avgust kuni O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov O`zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo boshchiligidagi harbiy delegasiyani qabul qildi. Ularga Tojikistonning O`zbekistondagi elchisi Sodiq Imomiy hamrohlik qildi.

Uchrashuv davomida hozirgi kunda O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi harbiy hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi, harbiy-texnika yo`nalishidagi aloqalarni mustahkamlash borasida fikrlar almashildi. O`zbekiston mudofaa vaziri ikki mamlakat o`rtasidagi do`stona munosabatlarni yuqori baholadi va joriy yilning mart oyida O`zbekiston va Tojikiston prezidentlari o`rtasida bo`lib o`tgan uchrashuvning naqadar muhim ekanligini ta`kidladi.


«O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga uyushtirgan tashrifi tarix zarvaraqlariga muhrlandi va ushbu voqea ikki mamalakat o`rtasidagi hamkorlikning davomiy rivojlanishiga ijobiy turtki bo`ldi», — deydi Abdusalom Azizov.

Tojikiston mudofaa vaziri iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirdi. U O`zbekiston Qurolli Kuchlari mintaqadagi eng kuchli va zamonaviy qurol-aslahalarga, O`zbekiston armiyasining harbiy xizmatchilari jangovar o`quv mashg`ulotlari borasida yaxshi bazaga ega ekanligini ta`kidladi.

Bundan tashqari uchrashuvda shu yilning o`zidayoq ko`p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga va davlatlararo maqsadli rejalarni amalga oshirishga erishilgani aytib o`tildi.


Suhbat davomida Tojikiston mudofaa vaziri o`zbekistonlik harbiy xizmatchilarini murakkab sharoitda qo`shma o`quv mashg`ulotlarida ishtirok etish va armiya jamoalari o`rtasida sport hamda madaniy tadbirlarni o`tkazishga taklif bildirdi.

Mehmonlar O`zbekiston Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta`lim muassasalarida professional kadrlarni, ayniqsa, Jizzax oliy harbiy aviasiya bilim yurtida uchuvchilar tarkibini tayyorlash masalasini yuqori baholadi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat mudofaa idoralari rahbarlari o`zaro 2018 yilgi harbiy hamkorlik rejasini imzodi. Shundan so`ng mehmonlar Mustaqillik maydonidagi «Motamsaro ona» haykali poyiga gulchambar qo`ydi.

Shuningdek, Tojikiston delegasiyasi O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga ham tashrif buyurib, oliy harbiy ta`lim muasssasining faoliyati va maqsadi bilan tanishdi, qo`mondonlik va shtab bo`g`inidagi harbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishdagi zamonaviy yondashuvlarni e`tirof etdi.




Shuningdek, Tojikiston harbiy delegasiyasi Chirchiqdagi harbiy poligonda ham bo`lib, «Tank biatloni» bellashuvi bo`yicha tashkillashtirilgan ko`rgazmali mashg`ulotni tomosha qildi.

8 avgust kuni Tojikiston harbiy delegasiyasi Samarqand va Buxorodagi diqqatga sazovor tarixiy va madaniy obidalar bilan tanishadi.

    Boshqa yangiliklar