AsosiyJamiyat

Fermer va dehqon xo`jaliklari uchun imtiyozlar yanada kengaydi (video)

'Fermer va dehqon xo`jaliklari uchun imtiyozlar yanada kengaydi (video)'ning rasmi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi bilan hamkorlikda ochiq muloqot tashkil etdi.

Muloqotda O`zbekiston Respublikasining “Fermer xo`jaligi to`g`risida”gi Qonuniga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalar, shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 2 iyuldagi “Fermer xo`jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko`rsatishni takomillashtirishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida belgilangan ustuvor vazifalar haqida fikr almashildi.

Tadbirda so`z olgan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo`mitasi raisi Aktam Hayitov Qonunga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalar ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklarining yanada erkin va samarali faoliyat yuritishlariga keng zamin yaratishini aytdi. Ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklari – yagona er solig`i to`lovchilari ro`yxatdan o`tkazilgan vaqtdan boshlab besh yil muddatga qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish bilan bog`liq bo`lmagan boshqa daromadlari bo`yicha barcha soliqlardan (aksiz solig`i va er qa`ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to`lovlar to`lovchilar bundan mustasno) ozod etilganligini ta`kidladi.

Qayd etilganidek, endilikda ko`p tarmoqli faoliyatni amalga oshiruvchi fermer xo`jaliklari uchun davlat mulkini ijaraga berishda ijara haqi stavkasi 2 marta kamaytirilgan holda belgilanadi. E`tiborlisi, ushbu bandga muvofiq berilayotgan imtiyozlar hisobidan soliq va to`lovlardan ozod etilgan mablag`lar fermer xo`jaliklari tomonidan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash hajmlarini oshirish, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning ilg`or texnologiyalarini o`zlashtirish va shu kabi boshqa maqsadlarga yo`naltiriladi.

Tadbirda O‘zLiDeP hamda O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi hamkorlikda qishloq xo`jaligi sohasini rivojlantirish, fermer va dehqonlarning erkin samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish borasida ham alohida vazifalar belgilab olindi. Bu esa partiyaning elektorati bo`lgan tadbirkor, fermerlar huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida tegishli qonunchilik normalarining qog`ozda emas, balki amalda so`zsiz isbotini topishiga xizmat qiladi.

Qizg`in muhokamalarga boy tarzda o`tgan tadbirda qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, partiya tomonidan fermerlar bilan muammoli masalalarni, biznes-g`oyalarni hamda loyihalarni, shuningdek, qishloq xo`jaligi sohasini rivojlantirishga to`siq bo`layotgan g`ovlarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar va amaliy ishlar ko`lamini kengaytirish bo`yicha ham muhim vazifalar belgilab olindi.

Tadbirda shuningdek, Kengash va partiya tomonidan bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklarining Reestirini yuritish tartibi to`g`risida Nizom” bo`yicha qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgani ta`kidlandi.

Shuningdek, Prezidentimizning shu yil 2 iyundagi tegishli qaroriga asosan tuman fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashlari huzurida Fermer xo`jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etilayotgani qayd etildi. Mazkur qarorga muvofiq, 20 ta fermer xo`jaligiga 1 ta buxgalter ishga olinishi va ular tomonidan fermer xo`jaliklarining moliyaviy hujjatlari yuritilishi ta`kidlandi.

Tadbir so`nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga tashkilotchilar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.

    Boshqa yangiliklar