AsosiyJamiyat

Respublika oliy ta`lim muassasalarida o`tkazilgan test sinovlari oltinchi kuni yakuni

'Respublika oliy ta`lim muassasalarida o`tkazilgan test sinovlari oltinchi kuni yakuni'ning rasmi

Respublika oliy ta`lim muassasalariga kirish test sinovlarining oltinchi kuni - 6 avgustda o`tkazildi va to`liq yakunlandi.

Test sinovlarining oltinchi kuni respublikadagi 16 ta oliy ta`lim muassasalarida test jarayonlari bir vaqtda 1-smenada 8.00dan boshlanib, 11.30ga qadar va 2-smenada 15:00 dan boshlanib, 18:30 ga qadar to`liq yakunlandi, deb ma`lumot bermoqda Aziz Abduhakimov o`zining Facebook’dagi sahifasida.

Test sinovlari o`tkaziladigan 57 ta binoda yong`in va xavfsizlik choralari ko`rildi. Barcha binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi hamda test sinovlari o`tadigan hududlarda tez yordam mashinalari tashkil etildi.

Shu kunlarda havo haroratining ko`tarilishi natijasida abiturientlarning ota-onalari uchun salqin joylarda o`rinlar soni ko`paytirildi va u erda katta hajmli monitorlar yordamida test jarayonlari onlayn ko`rinishda yoritib borildi.
Yozning chillasida ota-onalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ilk bor test sinovlari UzdigitalTV va mahalliy telekanallar orqali hamda test2018.uz Internet saytida onlayn ko`rinishida to`g`ridan-to`g`ri yoritildi.

Ichki ishlar tizimidan 4 963 ta shaxsiy tarkib xodimlari, 1206 ta aloqa vositalari, 694 ta metallodetektorlar, 289 ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz o`tishiga jalb qilindi.

Test sinovlarini o`tkazishga ta`lim muassasalaridan test sinovlari o`tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo`yicha maxsus tayyorgarlikdan o`tgan 2 ming 394 nafar guruh nazoratchilari jalb etildi.
Barcha hududlarda jamoat va yong`in xavfsizligi, test materiallarining maxfiy va dahlsizligi, binolar faoliyat tizimining uzluksiz ishlashi, tibbiy xizmat va inshootlarni qo`riqlash to`liq ta`minlandi.

Test sinovlarida 16 ta oliy ta`lim muassasalarining 58 ta ta`lim yo`nalishida 57 ming 856 nafar abiturient ishtirok etdi, turli sabablarga ko`ra 1441 nafar abiturient test sinovlariga kelmadi.
Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 185 nafar abiturient, shundan 110 nafari hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga va o`zgani o`rniga kirishga uringanligi uchun, 75 nafari bino ichida shpargalkadan foydalanishga va boshqa abiturientlarga yordam berishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirildi.

Test natijalari Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Feldegerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta`minlagan holda Davlat test markaziga 18.30 dan qaytarish boshlandi. So`nggi materiallar Farg`ona vodiysi hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan kechasi 2:00da etib keladi.
Etib kelgan test natijalari bo`yicha darhol kompyuter yordamida qayta ishlash jarayoni boshlanadi.

Davlat test markazining xodimlari tashqariga chiqmasdan, telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanmagan hamda test materiallarining maxfiyligini ta`minlagan holda test materiallarini qayta ishlaydi.

6 avgust test natijalari 7 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida Davlat test markazining http://www.dtm.uz/page/test_result saytida e`lon qilinadi.
Respublikada test sinovlari 1-15 avgust kunlariga rejalashtirilgan. Tashkil qilingan tizim bo`yicha ishlar davom ettiriladi.

    Boshqa yangiliklar