“Humo arena” muz saroyida qurilish qanday ketmoqda? (foto)
Sportning qishki turlarini rivojlantirish maqsadida Toshkent shahrining Afrosiyob va Beshyog`och ko`chalari kesishuvidagi 9 gektar maydonda ko`p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyi qurilishi boshlanganidan xabaringiz bor.
12 ming kishilik tribunaga ega ko`p funksional saroy hududida muz arenasi, mashg`ulotlar o`tkaziladigan maydon, o`quv-ko`ngilochar bolalar xiyoboni, oilaviy ko`ngilochar markazlar, amfiteatr, favvorali xushmanzara bog`lar, restoran va rekreasion hududlar, bog` va sayilgoh, zamonaviy parking va boshqa ko`plab inshootlar joylashadi, deb xabar berdi hokimlik matbuot xizmati.
Majmuada o`lchamlari 60x30 metr bo`lgan ikkita – asosiy va mashq muz arenalari rejalashtirilgan bo`lib, bino umumiy maydoni 74 ming kvadrat metrni tashkil qiladi, bino 4 qavatdan iborat bo`lib, balandligi 36 metrni tashkil etadi. Shuningdek, muz saroyi 12,5 ming o`ringa ega bo`lib, konsert zali sifatida 10 ming, sport musobaqalar o`tkazish zali sifatida esa 14 ming tomoshabinga mo`ljallangan. Asosiy binoda 300 o`rinlik mashq arenasi ham loyihalashtirilgan. Majmua hududida shuningdek, sport muzeyi, bolalar uchun yopiq o`yingoh, trenajyor zallari, fitnes markazi, zamonaviy tipdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, sport anjomlari do`koni va boshqa xizmat ko`rsatish ob`ektlari joylashtiriladi. Inshoot atrofi zamonaviy landshaft arxitekturasi usullaridan foydalangan holda obodonlashtiriladi va aholiga qulay bo`lgan madaniy hordiq chiqarish uchun maydonchalar va bog`lar barpo etiladi. Bundan tashqari, bino yonida 2000ta avtomobil uchun mo`ljallangan 4 qavatdan iborat avtoturargoh quriladi. Muz saroyi dizaynida zamonaviy qurilish echimlari va ilg`or texnologiyalar milliy madaniyat elementlari bilan uyg`unlashtiriladi, jumladan, inshootning me’moriy g`oyasidan muhabbat, baxt va hurlik ramzi bo`lgan Humo qushi o`rin olgan. Ularda jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar uchun ham barcha sharoitlar yaratiladi.
Mazkur majmua dunyodagi etakchi arxitektorlik byurolaridan biri bo`lgan va 2018 yilda Koreya Respublikasining Pyongchang shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan qishki Olimpiya o`yinlari uchun xam barcha olimpiya ob`ektlarni loyihalashtirgan byuroning eksklyuziv loyihasi bo`yicha, arxitektura va dizayn sohasidagi eng zamonaviy tendensiyalardan foydalangan holda, xalqaro sport federasiyalarining oliy darajadagi musobaqalar o`tkazish bo`yicha standart va talablarga muvofiq quriladi.
O`zbekiston uchun eksklyuziv loyiha bo`lgan yangi ko`p funksional muz saroyi bugunning o`zida nafaqat katta megapolisning, balki dunyo miqyosidagi eng yaxshi sport-madaniy markazlaridan biri bo`lish uchun jiddiy talablar bilan chiqmoqda. Ob`ekt 2018 yilning 31 dekabr kuniga qadar ishga tushirilishi mo`ljallangan.