8 yil davomida 3 nafar qo`shnisining turli yoshdagi voyaga etmagan farzandlarini o`ldirgan Zohid Otaboev umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi. Bu haqda Bosh prokuraturaning Facebook’dagi sahifasida xabar berilgan.
Hukm jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan chiqarilgan.
Tergov Toshkent viloyati, Oqqo`rg`on tumani, “Xonobod” MFYda yashagan Zohid Otaboev 2003 (Sh.M.), 2005 (Yo.U.) va 2014 (O.S.) yilda tug`ilgan voyaga etmaganlarni qasddan o`ldirib, ularning murdasini o`z hovlisiga ko`mib qo`yganini aniqlagan edi.
Otaboevga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» va «v» bandlari (Javobgarlikni og`irlashtiradigan holatlarda — ikki yoki undan ortiq shaxsni, aybdorga ayon bo`lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o`ldirish) bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgandi.
Bugun, 4 avgust kuni mudhish jinoyat tafsilotlari “O`zbekiston 24” telekanalida soat 18:10da namoyish etiladi.






