AsosiyShou-biznes

Muqaddas XOLIQOVA: «Yurak» bermay, rol o`ynolmas ekanman»

Bugungi suhbatdoshimiz turli xil «amplua»da nimalarga qodir ekanini ko`rsatgan aktrisa. Uning komediyasida bachkanalikni ko`rmaysiz, dramasi esa ko`zingizni yoshlatmay qo`ymaydi, harkatlarida soxtalik sezmaysiz, qahramonlarining «yuragi» bor, hatto sukuti va nigohi ham «gapiradi». Sevimli aktrisamiz Muqaddas Xoliqova mustaqilligimizning 23 yillik arafasida O`zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi. Aktrisani qutlash uchun diydorga oshiqdik…

— Muqaddas opa, avvalgi suhbatimizda «Tanho yulduz» spektakli uchun «Yilning eng yaxshi aktrisasi» unvoni bilan taqdirlanganingizda uchrashgandik. Mana bugun yuksak unvonga erishganingiz bilan qutlash nasib etdi, muborak bo`lsin!

— Muxlislar bilan uchrashganda, intervyu berganda aytishga arzigulik yangilik, yutuqlar bo`lsa, deb doim niyat qilaman. Etkazganiga shukr! Bu nafaqat menga, balki teatrimiz jamoasi, oila-a`zolarimga ham berilgan unvon. Chunki sahnaga bir o`zim chiqmadim. Rol bergan rejissyor, elkama-elka ishlagan partnyorlarim yonimda bo`lishdi. Rosti, yangilikni eshitgan kunim tongga qadar uxlamay tabrik qo`ng`iroqlarini qabul qildim (kuladi).

— Birinchi bo`lib sizdan Mahmud Ismoilov suyunchi oldi, siz-chi?

— Turmush o`rtog`imdan, lekin avvaliga «hazillashmang», deb ishonmadi.  

— Hayotingizdagi ko`p voqealar kechikkandek tuyulmaydimi: san`atga kirib kelish, oila, uy-joy va albatta bugungidek xursandichilik kunlar…

— Mendan avval oila qurganlar erishgan barcha narsa bugun menda ham bor. Ba`zi ijodkorlar ayni ishlaydigan vaqtida turmush qurib, farzandlari bilan ovora bo`lib qolishadi. Shuning uchun karerani yo`lga qo`yib, so`ng oila qurdim. Shunda bitta bola uchun beriladigan tug`ruq ta`tilining o`zida uch farzandimni dunyoga keltirdim (kuladi). Beshinchi yildan esa ishga tushdim. Ishlashga sharoit yaratib bergan turmush o`rtog`imga katta rahmat!

Bugungidek hursandchilik kunni intiqib kutganlarga balki kech tuyular. To`g`ri, yutuqlarga erishishni orzu qilganman, lekin ishlashdan maqsadim mukofot bo`lmagan. «Yaxshilik qilginu suvga ot. Bilsa baliq bilsin, bilmasa Xoliq», degan maqolga amal qilaman. Har bir inson mehnati bilan yuzaga chiqadi, natijasini ko`rib turibsiz.

— Suhbatlarimizdan birida turmush o`rtog`ingiz Adham Xoliqov «Oila qurganimizdan beri sog`ligiga bee`tiborligi to`g`risida gapiraverib charchadim», degandi. O`z vaqtida tanbehlarga quloq solmaganingizdan bugun afsusdadirsiz?

— Jon kuydirib ishlamaganimda bu unvonga ega bo`lmasdim (kuladi). Sog`ligimga putur etishining sababi, bee`tiborlik emas, shunchaki yuragimni charchatib qo`ydim, shekilli. 19 dekabr kuni bir xoji ona «bugun tug`ilgan kunim. Kelib bir og`iz tabriklab ketsangiz armonim yo`q edi», deb qoldi. «Xo`p bo`ladi!» deb yo`lga chiqishga taraddud ko`rayotgandim. Qolgani yodimda yo`q, ko`zimni ochsam, jonlantirish bo`limidaman. Yaxshiyamki qizim Ominaxon o`sha kuni uyda ekan. Shifoxonadan chiqqach, xoji onadan uzr so`rashga imkonim bo`lmadi. Xudo xohlasa, bu yil 19 dekabrda xoji onani uyiga borib tabriklashni dilimga tugib qo`ydim.    

— «Yurak xastaligi sababli  endi rol o`ynamas ekan», degan gaplar qanchalik rost?

— Mubolag`asiz aytaman, bildirilgan ishonch menga e`tibor kuch-g`ayrat berdi. Shifokorlar «Gippokrat» qasamyodini ichgani singari mening ham «tanimda jonim bor ekan, muxlislarga xizmat qilaman», degan o`z qasamyodim bor. Betobligim sabab muxlislarim qay darajada ko`pligi va ularning e`tiborini bilishga muvaffaq bo`ldim. 31 dekabr kuni Yangi yilni uyda kutib olish maqsadida shifoxonadan ruxsat oldik. Bayram dasturxonini ko`rib, hayratda qoldim. Uyimni topib kelib, turli xil eguliklar tashlab ketishibdi. Turmush o`rtog`im «shuncha yillik mehnating zoe ketmabdi. Jon kuydirib ishlab, shuncha muxlis orttiribsan. Bayram dasturxonini ular to`ldirishdi», deb bu e`tibordan hursand bo`ldi. Fursatdan foydalanib, menga g`amxo`rlik qilgan barcha muxlislarimga tashakkur aytaman!  

— Betobligingiz sizni nimalardan cheklab qo`ydi?

— Quvonchli kunlarda davradan chiqmay raqs tushish, istagan taomimni eyish, hayajonlanishdan. Xamir ovqat, ayniqsa, lazer guruchidan damlangan oshni hush ko`raman. Lekin endi grechkadan tayyorlangan osh eyishga to`g`ri kelyapti. Bu ham bir sinov, o`tib ketar…

— Shifokorlar mashina haydashni ham taqiqlashdimi?

— Ha, lekin xafa bo`lmadim. Xudoga shukr, o`g`ildek bo`lib qolgan kuyovim Ravshanbek doim yonimda. Har qanday vaziyatda ko`nglimni olishni biladi. Iyun oyida ikkinchi qizimni ham turmushga berdik. Qizimni qadami xush keldimi kuyovim Abduqobil institutga o`qishga kirdi. Kuyovimning qadami esa menga yoqib, yuksak unvonga sazovor bo`ldim. Uchinchi qizimni ham unashtirib qo`ydik, nasib etsa kelasi yil to`y.

— Aktyorga qo`yiladigan talab bu — iste`dod va yurak. Bundan buyon Muqaddas Xoliqova rollariga «yurak» bera olarmikin?

— Sahnaga chiqqanda hamma narsani unutaman. Sahna bu — yuragimni urib turishiga sababchi malham! Yurak xurujidan keyin «Ko`ngil» spektakli bilan sahnaga qaytganimda, Maxmud Ismoilov «yuragingni zo`riqtirmay, «replika» bilan o`ynay qol rolingni», dedi. Lekin sahnada o`rnimga boshqasi rol o`ynayotgandek bo`ldi, tomoshabindan o`zim istagan energiyani ololmadim. «Yurak» bermay, rol o`ynolmas ekanman.  

— Xonandalarimiz O`zbekiston xalq artisti bo`lgach, jonli ijroda konsert berishni boshlashdi. Mas`luiyatning «yuk»i og`ir-da! Endi siz ham rol tanlashni boshlaysizmi?

— Teatrda rol tanlash imkoniyati yo`q. Hozircha rol berishmayapti, nasib etsa, yangi mavsumda yangi spektakl bilan sahnaga qaytaman. Kinoda esa rol tanlayman. Tan olaman, yaxshi mablag` uchun ssenariyning sayozligiga ko`z yumgan vaqtlarim ham bo`lgan. Lekin ssenariy yoqsa, mablag`i meni qiziqtirmaydi.   

— Vaqt o`tib iste`dodingizni sotganingizdan afsuslanganmisiz?

— Afsuslanganman! «Challari» nomli filmida ishtirok etganimdan achinganman. Bu xato boshqa takrorlanmaydi.

— Nega sizni davlat filmlarida ko`rmaymiz?

— Davlat filmlari ham sayoz chiqib qolishi mumkin, masalan «To`ydagi ta`ziya». Ochig`i, davlat filmlaridan takliflar kam. Lekin o`zim rejissyordan rol so`ramayman. «Falon rejissyor yangi film boshlabdi», desa ba`zi aktyorlar eshigining tagida yotib oladi. Rejissyor sizni u rolda ko`rmasa, iltimos qilishdan nima naf? Filmdan filmga o`tib yurgan aktrisalarimizni nafaqat roli, balki kiygan libosi-yu ro`moligacha bir xil. Shaxsan o`zim bitta libosni boshqa filmga qaytib kiymayman. Bir martagina «O`jar kelin» va «Merskvich»da libosim bir xil bo`lib qolgan. Yon daftarchamga yozib qo`ymagan ekanman. Hatto filmdan filmga er-xotin, farzandlar ham bir xil tarzda ko`chyapti. Ssenariy, syujet, aktyorlar ansabmli, ijro ham bir xil. Shu ma`noda partnyor ham tanlayman, bir xil bo`lib qolishi kerak emas.   

— Siz bilan bitta sahnada turgan aktyorlar nigohida qalb aks etadimi? Qalbi kitob nuri bilan to`lganmi yo qo`g`irchoqnikidek pirpirab turadigan bo`m-bo`sh so`nik ko`zlardan iboratmi?

— Professionalizm kinoda u qadar muhim rol o`ynamaydi. Iste`dodi bo`lsa, diplomi bo`lmasa ham qandini ursin! Kitob o`qishga kelsak, tan olaman o`zim ham kitob o`qimay qo`ydim. Sog`ligim, ko`z nurimni asrayapman, vaqt muammosi ham bor.

— Izlagan imkon topadi, degan maqol sizga atalmagan ekan-da?

(Kuladi) Bu bahona emas! Uning o`rniga pesa o`qishga odatlandim.

— Alisher Navoiy «Bog` ko`p, gulzor ko`p, lekin sen o`z gulingni uzib chiq», degan. Muqaddas Xoliqova ijod «bog`»idan o`z gulini uzoldimi?

— Uza oldi va yana uzadi. «Sevginator» filmidagi qaynona muxlislarimni ko`paytirdi.

— Rejissyor Bahodir Yo`ldoshev «to`rtta atirgulni uzib taskin topish bu juda kulgili, ayanchli. Chunki bu gullarni sendan oldin ham uzishgan», degandi. Aytmoqchimanki,  qaynona rolini sizdan avval ham o`ynashgan…

— Qaynona bo`lib qoldim, demoqchimasman. Izlanishdaman uzadigan «gullar»im hali oldinda!

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar