Respublika oliy ta`lim muassasalariga kirish test sinovlarining ikkinchi kuni haqida o`zining Feysbukdagi sahifasida ma`lumot bergan Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`lgan e`tirozlar haqida ham to`xtalib o`tdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim binolarda abiturientlar kuzatuv kameralaridan uzoqda joylashgan, kameraga yaqin joylar bo`sh turibdi", degan xabar tarqaldi. Davlat test markazi va uning hududiy bo`limlari mutaxassislari bilan birga holat o`rganildi hamda abiturientlar kuzatuv kameralariga yaqin joylashtirildi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 2 avgust kuni o`tkazilgan test natijalari Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Feldegerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta`minlagan holda Davlat test markaziga 18.30 dan qaytarish boshlandi. So`nggi materiallar Farg`ona vodiysidan kechasi 2:30da etib keladi.
Etib kelgan test natijalari bo`yicha darhol kompyuter yordamida qayta ishlash jarayoni boshlanadi.
Davlat test markazining xodimlari tashqariga chiqmasdan, telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanmagan hamda test materiallarining maxfiyligini ta`minlagan holda test materiallarini qayta ishlaydi.
2 avgust test natijalari 3 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida Davlat test markazining dtm.uz saytida e`lon qilinadi.
Respublikada test sinovlari 1-15 avgust kunlariga rejalashtirilgan. Tashkil qilingan tizim bo`yicha ishlar davom ettiriladi.
Eslatib o`tamiz, joriy yildan boshlab ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida ilk bor test sinovlari UzdigitalTV va mahalliy telekanallar orqali hamda test2018.uz Internet saytida onlayn ko`rinishida to`g`ridan-to`g`ri yoritib borilmoqda.






