O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi Qoraqalpog`iston Respublikasining Beruniy tumanidagi «Shobboz» haftalik dehqon bozorida sodir bo`lgan voqea yuzasidan rasmiy ma`lumot berdi.
«2018 yilning 2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog`iston Respublikasining Beruniy tumanidagi «Shobboz» haftalik dehqon bozorida o`g`rilikda gumonlangan shaxsning arqon bilan qo`llaridan bozor kirish darvozasi ustuniga osib qo`yilgan holati videosi tarqatilganligi yuzasidan Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bergan ma`lumotga ko`ra, holat shu yilning 1 avgust kuni soat 6.00lar atrofida fuqaro U.A. tomonidan sodir etilgani ko`rsatilgan.
Fuqaro U.A. bozor hududida savdo qiluvchi odamlar tomonidan o`g`irlik sodir etganlikda shubhalanib ushlab turilgan fuqaro D.N.ni qo`llarini arqon bilan bog`lab, bozorning kirish darvozasi ustuniga osib, fuqaro D.N.ning huquqlari va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini kamsituvchi harakatlar sodir etgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro U.A.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-moddasi («O`zboshimchalik») bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqaro D.N.ning o`g`rilik jinoyatini sodir etgan yoki etmaganligi yuzasidan tergovda aniqlik kiritiladi va bu haqda tergov yakuniga ko`ra qo`shimcha axborot beriladi», deyiladi xabarda.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda «Shobboz» bozoridagi voqea videosi tarqalgani, deputat ushbu «samosud» aktini qoralagani haqida xabar bergan edik.






