Jizzax viloyatining «So`g`diyona» professional futbol klubi ijrochi direktori Dilshod Rajabov va ushbu klub bosh hisobchisi Donaboy Yoqubov 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda jizzaxcity.uz portali xabar beradi.
Ma`lum bo`lishicha, D. Rajabov «So`g`diyona» professional futbol klubi ijrochi direktori vazifasida ishlab kelib, mas`ul mansabdor shaxs bo`lgani holda, klub bosh hisobchisi D. Yoqubov, massajist-hakim F. Atamuradov, murabbiylar U. Almatov, R. Ahmedov, A. Mamatmuradov, B. Joniqulov va boshqalar bilan bir guruh bo`lib futbolni rivojlantirish uchun homiy tashkilotlardan klub hisob raqamiga kelib tushgan pul mablag`larini qalbaki hujjatlarga asosan o`zlashtirib, talon-taroj qilishgan.
Jamoa a`zolari qaysidir shaharga xizmat safariga yuborildi, deya soxta hujjatlar to`g`rilanib, katta miqdordagi mablag` chiqim qilingan bo`lsada, aslida bunday safarlarning o`zi bo`lmagan.
D. Rajabov va D. Yoqubovlar klub prezidenti M. Sagatov bilan oldindan til biriktirib, bir guruh shaxslar bo`lishib, quyidagi jinoyatlarni sodir etishgan. Klub ishchi va xizmatchilariga ish haqlari va boshqa to`lovlar uchun 2008-2013 yilning 9 oyi davomida klub a`zolarining ish haqi, mukofot, ko`tarma, oziq-ovqat pullari fondini 4.615.194.000 so`mga shakllantirib, ishchi va xizmatchilarning ish haqidan ushlanadigan daromad solig`i hamda byudjetdan tashqari jamg`armalarga majburiy to`lovlar hisoblanishi va to`lanishi lozim bo`lsada, ular shahar DSIga topshirgan hisobotlarida ish haqi fondini 350.812.000 so`mga kamaytirib ko`rsatishadi. Ish haqi, mukofot, oziq-ovqat pullariga sarflangan 4.264.382.000 so`mni soliq va majburiy to`lovlarni to`lamaslik maqsadida qasddan hisobotlarda ko`rsatmasdan byudjetga hisoblanishi va to`lanishi lozim bo`lgan 1.724.709.300 so`m soliq va boshqa majburiy to`lovlarni to`lashdan qasddan bo`yin tovlashadi.
Sud hukmiga asosan Dilshod Rajabov va Donaboy Yoqubovlarning har biriga uzil-kesil o`tash uchun 3 yilga faoliyat turidan qat`iy nazar barcha korxona, tashkilot va muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish va 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazolari belgilandi.
D. Rajabov va D. Yoqubovlardan Jizzax shahar DSI hisobiga 1.289.373.964 so`mlik soliq va boshqa majburiy to`lovlar solidar tartibda undiriladigan bo`ldi.
Ish bo`yicha etkazilgan zararni qoplash uchun to`langan 78.400.000 so`m pul «So`g`diyona» professional futbol klubi hisobiga o`tkazildi.





