Kuni kecha Toshloq tumani Quyi Yakkatut mahallasida yashovchi, 1994 yilda tug`ilgan Gulshoda Jo`raeva shaxslarni ijtimoiy reabilitasiya qilish markaziga joylashtirildi, deb yozmoqda O`zA.
Farg`ona viloyati Toshloq tumanida zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarni ijtimoiy reabilitasiya qilish va moslashtirish, o`z joniga qasd qilishning oldini olish markazi tashkil etilib, zarur jihozlar bilan ta`minlangan. Xususan, "Ona va bola" xonasida barcha sharoit yaratilgan. Nizoli vaziyatlar, jumladan, oilaviy-maishiy zo`rlik ishlatishni o`z vaqtida aniqlash, bartaraf etish va oldini olish maqsadida markazda tumandagi tegishli idora va tashkilotlar rahbarlarining qabul qilish jadvali ishlab chiqildi. Tuman xotin-qizlar qo`mitasida fuqarolar bilan o`zaro aloqani amalga oshirish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko`rsatish, qo`shimcha ko`maklashish mumkin bo`lgan tashkilotlar to`g`risida maslahat berish hamda axborot taqdim etishga mo`ljallangan “Ishonch telefoni” yo`lga qo`yildi.
24 yoshli Gulshoda Jo`raeva boshidan ko`p qiyinchiliklarni kechirgan. Ota-onasi o`zaro kelishmovchilik sababli ajrashib ketgan. Onasi bir nafar o`g`lini turmush o`rtog`iga tashlab, qizi Gulshodani o`zi bilan olib, Farg`ona shahrida ijarada yashagan. Taqdirni qarangki, 2009 yilda ona vafot etadi. Shundan so`ng G.Jo`raeva Farg`ona shahrida bir o`zi yashagan. 2015 yilda Oltiariq tumani Povulg`on qishlog`ida yashovchi Sayfiddin ismli shaxsga shar`iy nikoh orqali turmushga chiqib, 2017 yilda o`g`il farzandli bo`ladi. Farzandini o`z xohishiga ko`ra bolalar uyiga topshirgan va joriy yilning mart oyidan boshlab Farg`ona shahrida ijarada yashab, yollanma ish faoliyati bilan shug`ullanib kelgan. 2018 yil 16 iyul kuni viloyat IIB tomonidan yashash joyi bo`lmagan shaxslarni reabilitasiya qilish markaziga olib kelingan.
Toshloq tumani xotin-qizlar qo`mitasi G.Jo`raevaga tibbiy, psixologik, moddiy yordam ko`rsatdi. Uning bandligini ta`minlash hamda yashash joy bilan bog`liq muammolarni hal etish masalasi ham nazoratga olindi.
– Shunday kunlarda menga dalda bo`lib, qo`llab-quvvatlagan insonlardan minnatdorman, – deydi Gulshoda. – Nachora, boshimda shunday sinovlar ham bor ekan. Yangi tashkil etilgan markaz yaqindan yordam bermoqda.
Ha, Gulshoda kabi og`ir sharoitga tushib qolganlarga ko`mak ko`rsatish, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash borasidagi ezgu sa`y-harakatlar bugun yanada keng quloch yoymoqda.






