6 avgust kuni O`zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi rasman tanishtiriladi, deb xabar bermoqda «O`FA» matbuot xizmati.
O`zbekiston futbol assosiasiyasi mamlakat bosh jamoasini ishonib topshirish mumkin bo`lgan mutaxassis bilan muzokaralarni yakunladi. O`FA rasmiylari shartnoma imzolash mumkin bo`lgan 10 dan ziyod nomzodlar orasidan argentinalik Ektor Kuper variantida to`xtaldi. 6 avgust kuni mutaxassis jamoatchilikka rasman tanishtiriladi.
Bungacha tashkilot birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov milliy terma jamoaga jahonda o`z obro`siga ega bo`lgan murabbiy olib kelinishi haqida bir necha bor aytib o`tgandi. Bu masala yuzasidan O`FA jiddiy ish olib bordi. Termani qabul qilib olayotgan inson o`zidagi katta mas`uliyatni his qilishi, xalqimizning ko`p yillik orzusini ro`yobga chiqarishi zarurligini ongli ravishda tushinib etishi kerak edi. Shu vajdan yakuniy qarorga kelish vaqt talab qildi.
Ektor Kuper o`zbekistonlik futbol muxlislari uchun yaxshi tanish. 62 yoshli mutaxassis faoliyati davomida katta hajmdagi ishlarni bajargan hamda futbol olamida o`z nomiga ega bo`lib ulgurgan. U 1996 yil Argentinaning «Lanus» jamoasi bilan KONMEBOL Kubogi sohibi bo`ldi. Bu muvaffaqiyati unga Evropa eshiklarini ochib berdi.
1998 yil Kuper Ispaniyaning «Malorka» klubini mamlakat kubogi finaliga qadar boshlab keldi, Ispaniya Superkubogi uchun maydonga chiqdi. Bir yil o`tib «Malorka» Ektor bilan UEFA Kubogi finaligacha etib keldi.
Shu tariqa murabbiy mashhur «Valensiya» klubi nazariga tushdi. Katta avlod futbol muxlislarimiz yaxshi eslashadi. «Ko`rshapalaklar» 2000 hamda 2001 yilgi mavsumlarda Evropa Chempionlar Ligasining finaligacha etib kelib, ko`pchilikning hayratiga sabab bo`lishdi. Bunda Kuperning roli anchagina katta edi. Chunki «Valensiya»ning finalgacha etib borishi ko`pchilik uchun o`ziga xos syurpriz bo`lgandi.
Keyinroq Ektor Kuper Italiyaning «Inter» hamda Gresiyaning «Aris» jamoalarida yaxshi ishladi. Bungacha u 1999 yilda Ispaniyada, 2000 yilda esa Evropada yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgandi.
Ektor Kuperning milliy terma jamoadagi yurishi 2017 yilga to`g`ri keldi. 2015 yil Misr bosh jamoasini qabul qilib olgan Kuper, oradan ikki yo`l o`tib jamoasini Afrika Millatlar Kubogi finaliga qadar boshlab keldi. Shuningdek, 28 yildan buyon mundial chiptasini qo`lga kirita olmayotgan misrliklarni Rossiya-2018 sari boshlab bora oldi. Mashhur Muhammad Salohning mamlakat qahramoniga aylanishi aynan Ekter Kuper davriga to`g`ri keldi.
Endilikda O`zbekiston milliy terma jamoasining taklifini qabul qilgan murabbiyi 6 avgust kuni Milliy olimpiya qo`mitasining anjumanlar zalida soat 15:00da futbol muxlislariga tanishtiriladi. Shundan so`ng u bilan matbuot anjumani tashkil etiladi. Anjumanda barcha turdagi OAV ishtirok etishi mumkin.
«Kuper bilan yaxshi niyatlar hamda jiddiy maqsadlar yo`lida kelishuvga erishdik. Umid qilamizki, millionlab vatandoshlarimizning uzoq yillik orzularini ro`yobga chiqarishda bu inson bizga yordam beradi. Biz Evropa futboli nafasini O`zbekistonga olib kira oladigan, o`z futbolchilariga qahramonlik hislarini singdira oladigan, jamoalari har qanday raqibga tik qaray oladigan, eng muhimi, Jahon Chempionati sari yo`lni bosib o`tgan tajribali murabbiyni istagandik. Bizningcha, Kuper bu talablarga mos keladi. Mana shunday mutaxassisning olib kelinishi uchun sharoit yaratib berayotgan O`zbekiston hukumatiga hamda yangi bosh murabbiyni sabr bilan kuta olgan xalqimizga minnatdorchilik bildiraman», —dedi Umid Ahmadjonov.






