AsosiyJamiyat

Ruxsat berilgan «tonirovka», narxi oshirilgan gaz, oyligi ko`tarilgan sudyalar — 2018 yil 1 avgustdan nimalar o`zgaradi?

'Ruxsat berilgan «tonirovka», narxi oshirilgan gaz, oyligi ko`tarilgan sudyalar — 2018 yil 1 avgustdan nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

2018 yil 1 avgustdan bir qator qonun hujjatlaridagi ayrim normalar kuchga kiradi. Adliya vazirlining «Huquqiy axborot» kanali ularning ayrimlari bilan quyida qisqacha tanishtirib o`tdi.

1. 2018 yil 1 avgustdan respublika hududlari kesimida aholiga suyultirilgan gazni sotishning yagona chakana narxi 800 so`m etib belgilanadi. Bu Hukumatning 2017 yil 29 dekabrdagi qarorida nazarda tutilgan. Bu kungacha suyultirilgan gaz narxi hududlar kesimida 500 so`mdan 720 so`mgacha belgilangan edi.

2. Avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasi oshirish faoliyati bilan bugundan boshlab nodavlat ta`lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziyaga ega bo`lgan boshqa yuridik shaxslar shug`ullanishi mumkin.

3. 2018 yil 1 avgustdan quyidagi tashkilotlar tugatiladi:

  • O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi;
  • Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasi;
  • Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi;
  • «O`zsuvnazorat» respublika suv inspeksiyasi;
  • «O`zdavurug`nazoratmarkaz» qishloq xo`jaligi ekinlari urug`ini sertifikasiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi;
  • «O`zstandart» agentligining «O`zbekiston paxta mahsulotlarini sertifikatlash «Sifat» markazi» davlat korxonasi.

4. «O`zbekiston Respublikasida gripp va boshqa o`tkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident qaroriga muvofiq endilikda grippning og`ir shakllariga va boshqa o`tkir respirator infeksiyalarni yuqtirganlikda gumon qilinayotgan shaxslarga ushbu virus turlari bo`yicha majburiy tashxis qo`yish bo`yicha norma bugundan kuchga kirdi.

5. 2018 yil 1 avgustdan boshlab shtatdagi xodimlarining 50 foizi nogironligi bo`lgan shaxslardan tashkil topgan nogironligi bo`lgan shaxslarning jamoat birlashmalari korxonalari jami xodimlarining mehnatiga haq to`lash fondi uchun yagona ijtimoiy to`lov stavkasi 4,7 foiz miqdorda belgilanadi.

6. 2018 yil 1 avgustdan maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqish xizmatlarini ko`rsatish uchun hududlarni tadbirkorlarga biriktirib berish faqat tanlov asosida, nol stavkadan boshlanuvchi elektron auksion yo`li bilan «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi.

7. Bugundan yurtimizda davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun yuqori tartibga soluvchi talablar qo`yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan, dori vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazish natijalari tan olinadi (ro`yxatdan o`tkazish shart bo`lmaydi). Ilgari dori vositalari albatta yurtimizda qayta davlat ro`yxatidan o`tishi shart edi.

8. Tashqi migrasiya sohasida ham o`zgarishlar bo`ladi. Jumladan, bugundan boshlab:

  • xususiy mehnat shartnomalari bo`yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi bekor qilinadi;
  • xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar tomonidan Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasiga eng kam ish haqining to`rt yarim baravari miqdorida yillik sug`urta to`lovlarini ixtiyoriy ravishda to`lash tartibi joriy etiladi, bunda to`lovlar amalga oshirilgan davrlar belgilangan tartibda mehnat stajiga qo`shiladi.

9. 2018 yil 1 avgustdan quyidagilarni nazarda tutuvchi martalik subsidiyalar berilishini nazarda tutadigan ishsizlik bo`yicha sug`urtalash tizimi joriy etildi:

  • aholi bandligiga ko`maklashish markazlarida ro`yxatdan o`tgan va tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ishsiz shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tish xarajatlarini qoplash uchun eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida pul to`lanadi;
  • aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan ish o`rinlaridan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir qabul qilingan xodim uchun har oyda eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida pul to`lanadi;
  • aholi bandligiga ko`maklashish markazlarining yo`llanmasi bo`yicha ishga qabul qilingan shaxslarni kasbga qayta o`qitish va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan ish beruvchilar xarajatlarini moliyalashtirishga uchun har bir xodim uchun eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida pul to`lanadi.

10. Bugundan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali engil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berish to`g`risidagi norma kuchga kirdi. Albatta buning uchun tegishli ruxsatnomani olish zarur.

11. 2018 yil 1 avgustdan ayrim soha vakillarining ish haqlari oshiriladi.

Xususan, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining ish haqi miqdori 2 baravar oshiriladi.

Bundan tashqari «Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmonga binoan belgilangan sudlar, Konstitusiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta`minlash departamenti va uning hududiy bo`limlari xodimlariga oylik ish haqini oshirish bo`yicha belgilangan normalar ham bugundan kuchga kiradi.

2018 yil 1 avgustdan boshlab soliq organlari xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffisienti 1,7 baravarga oshirilgan miqdorda qo`llaniladi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida jamoat tartibini ta`minlash kuchlari tarkibida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga ham lavozim maoshining 50 foizigacha bo`lgan miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibi ham kuchga kirdi. Buning uchun mazkur xodimlar patrullik hududida og`ir va o`ta o`g`ir jinoyatlarga bevosita chek qo`yishi, ularni aniqlashi, tergov va suddan yashiringan shaxslarni ushlashi lozim.

    Boshqa yangiliklar