AsosiyJamiyat

"O`zstandart" Toshkent bozorlarida sotilayotgan sut mahsulotlarida "ichak tayoqchalari" borligini aniqlandi

'"O`zstandart" Toshkent bozorlarida sotilayotgan sut mahsulotlarida "ichak tayoqchalari" borligini aniqlandi'ning rasmi

Toshkent shahrining bozorlaridagi savdo shoxobchalari va yirik savdo tarmoqlarida o`tkazilgan nazorat xaridlari natijasida tekshiruvdan o`tkazilgan 20 ta mahsulotdan 13 tasining ko`rsatkichlari me`yor talablariga javob bermadi. Bu haqda “O`zstandart” agentligi axborot xizmati xabar qiladi.

Masalan, 6 turdagi pishloq mahsulotlaridan 3 tasida (savdo markasi “Slivochny”, ishlab chiqaruvchi- "ASIA LEADER" XK, MChJ, savdo markasi “Eksklyuziv”, ishlab chiqaruvchi -"Ixlos Kelajak", savdo markasi “Grand”, ishlab chiqaruvchi - "Grand Milk Service” MChJ) yoqimsiz hidi, yopishqoq konsistensiya, yuqori darajadagi zichlik va boshqa kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

8 turdagi quyultirilgan sut mahsulotlarining 5 tasida me`yoriy hujjatlar talablari buzilgan, oziq-ovqat xavfsizligi talablariga rioya etilmagan.

"AYuP" savdo markali hamda "Shedraya dolina" savdo markali (ishlab chiqaruvchi - "Ayur" XK, 340 gr temir bankalarga joylangan) mahsulotlarda shakar kristallari miqdorining ruxsat etilgan me`yorlardan anchayin yuqoriligi aniqlandi.

Bundan tashqari yuqoridagi mahsulotlarda “ichak tayoqchalari” (kishechnaya palochka) bakteriyalari guruhiga kiruvchi (ITBG) bakteriyalarning mavjudligi aniqlandi (ushbu patogen tayoqchalar odamning oshqozon-ichak traktiga tushguday bo`lsa katta yoshdagilarda va yosh bolalarda ichak infeksiyasi kasalligi va gemolitiko-uremik sindromini chaqirishi xavfi yuzaga keladi. Ichak infeksiyasi gemorrogik kolit, enterit, ovqatdan zaharlanish va “sayyox diareyasi” ko`rinishida bo`lishi mumkin).

Shuningdek, savdo markasi “Vini pux” bo`lgan “Moloko sgushennoyo varennoe” (ishlab chiqaruvchi "Sweet Snap" MChJ, temir bankalarga 380 gr joylangan) mahsulotida yumaloq shakldagi berch jismlar (komochki) bilan qorishgan turli tuman konsistensiyalarning mavjudligi aniqlandi. Bundan tashqari mahsulotning markirovkasida yog`larning umumiy ulushi 4% ko`rsatilganligiga qaramasdan, amalda bu ko`rsatkich 2% tashkil etishi aniqlandi.

Bu mahsulotlarda ham ITBG bakteriyalarining mavjudligi aniqlandi.

“Sgushenka” va “Sgushenka varennaya s saxarom” savdo markali (ishlab chiqaruvchi "Favorit Elit Tex" MChJ bo`lgan, 380 gr temir idishlarga qaloqlangan) mahsulotlarda bu kabi mahsulotlarga yot bo`lgan maza va turli tuman konsistensiya, me`yoridan ortiq yopishqoqlik, kabilar mavjudligi aniqlandi.

Olti turdagi muzqaymoq mahsulotlari “Krem bryule” (ishlab chiqaruvchi "Ice&Gold"), "Kreasy Max" (ishlab chiqaruvchi "Sabe" MChJ, 80 gr dan qadoqlangan), “Plombir klassicheskiy” savdo markasi bilan ishlab chiqarilgan muzqaymoqda (ishlab chiqaruvchi "Future Fruit" MChJ, 60 gr dan qadoqlangan) tekshiruvdan o`tkazilganda bularning uchtasida yog`larning umumiy ulushi etiketkada ko`rsatilganidan kam ekanligi aniqlandi.

Bundan tashqari “Plombir klassicheskiy” savdo markasi bilan ishlab chiqarilgan muzqaymoqda (ishlab chiqaruvchi "Future Fruit" MChJ, 60 gr dan qadoqlangan) ITBG bakteriyalarning mavjudligi aniqlandi.

Hurmatli iste`molchilar, mahsulot xarid qilayotgan paytingizda albatta uning muvofiqlik sertifikatini so`rashni unutmang, deyiladi agentlik xabarida.

    Boshqa yangiliklar