AsosiyJamiyat

Test imtihonlari jarayoni barchaning nazoratida bo`ladi

'Test imtihonlari jarayoni barchaning nazoratida bo`ladi'ning rasmi

O`zbekistonda 1 avgustda start oladigan oliy ta`lim muassasalariga kirish uchun qabul imtihonlari jarayonida axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda, imtihonlarning ochiq va oshkora o`tkazilishida Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi texnik hamkorlik qilmoqda.

Vazirlik rasmiy saytidagi ma`lumotga ko`ra, «Xavfsiz shahar» loyihasi doirasida "O`zbektelekom" AK tomonidan test imtihonlari o`tkaziladigan barcha ob`ektlarga optik tolali aloqa tarmoqlari tortilib, barcha tegishli binolar yuqori tezlikdagi ma`lumotlar uzatish tizimlariga ulandi.

Imtihonlar bo`lib o`tadigan bino va ob`ektlarni to`liq qamrab olish maqsadida, 1400 dona videokuzatuv kameralari o`rnatildi. Kameralarning aylanma harakatini ta`minlash uchun 29 ta maxsus pult boshqaruvi joriy qilindi. Shuningdek, ma`lumotlarni saqlash uchun 1800 terrabayt hajmdagi maxsus server ishga tushirildi.

Imtihonga kirish jarayonida har bir abiturient shaxsi ma`lumotlar bazasining markaziy serveriga ulangan, qiyofani aniqlaydigan maxsus kamera orqali tekshiruvdan o`tkaziladi. Imtihonlar o`tkazilayotgan ob`ektlar yaqinidagi maxsus kutish hududlarida ota-onalar, abiturientlarning yaqinlari uchun yirik ekranlar o`rnatiladi. Ularda imtihon jarayonlarini to`g`ridan-to`g`ri kuzatish mumkin bo`ladi.

Shu bilan birga, Internet tarmog`ining www.test2018.uz manzilida tashkil qilingan maxsus resurs orqali yurtdoshlarimiz barcha ob`ektlardagi imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish imkoniga ega bo`ladi.

Qabul imtihonlari jarayonida yanada ochiq-oshkoralikni ta`minlash maqsadida, UZDIGITAL TV telekanallar tarmog`i orqali imtihonlarni jonli efirda ko`rish uchun texnik imkoniyat ham yaratib beriladi.

Yuqorida qayd etilgan barcha texnik vositalar mamlakatimiz miqyosida tashkil etilayotgan test imtihonlarini xolis, ochiq hamda adolatli o`tkazilishiga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar