AsosiyJamiyat

Samarqanddagi tug`ruqxonalarda onalar yo`laklarda davolanmoqda

'Samarqanddagi tug`ruqxonalarda onalar yo`laklarda davolanmoqda'ning rasmi

Bu hol ko`pchilik uchun yangilik emas. Ayniqsa, keyingi yillarda Samarqand shahrida ayollar bunga o`zlari guvoh bo`lishgan. Shuning uchun ular bilan bu haqda suhbatlashganimda hayron qolishgani yo`q. Xo`sh, nega bu hol ro`y beryapti?

Yoz oylarida Samarqand shahridagi tug`ruqxonalarda nafaqat ularning hovlisi, balki ichkarida ham odam juda gavjum ekani hech kimni ajablantirmaydi. Viloyat perinatal markazida, shahardagi 1-son tug`ruqxonada ham shu hol. Mutasaddilar homilador ayollar ko`pligini ta`kidlashadi.

Samarqand shahridagi 2-sonli tug`ruqxonaga borganimizda qabul bo`limidagi holat ham tug`ruq bo`limida joy yo`qligi bilan bog`liq edi. Oqdaryolik ayol ko`zi yorish arafasida. Avvaliga perinatal markazga borganligini aytdi, ular bu erga jo`natishgan ekan. Bu tug`ruqxonada ham joy yo`qligini eshitgach, turmush o`rtog`i baqir-chaqir qila boshladi. Iloji qolmagan shifokorlar "Koridorda yotishga rozimisiz?", deb so`rashdi. Ular rozi bo`lishdi. Men esa ulardan nega Oqdaryodagi tug`ruqxonaga bormaganini so`radim.

– Biz Dahbedda yashaymiz. Oqdaryodan ko`ra, Samarqand shahri bizga ancha qulayroq, – deb javob berdi ayolning turmush o`rtog`i Sardorbek. – 1-sonli tug`ruqxonaga boraylik, desam u erda ham shunday holat bo`lsa kerak, deb o`ylayapman.

2-son tug`ruqxona bosh shifokori o`rinbosari Zamira Bahromova hamrohligida muassasa bilan tanishar ekanmiz, haqiqatan ham palatalar to`la ekanligi hatto yo`laklarga ham ayollar joylashganiga guvoh bo`ldik.

– Qabul qilingan me`yorlarga ko`ra, shahar tug`ruqxonalari 2-darajali tug`ruqxona sanalib, ularga biriktirilgan tumanlardan og`ir ahvoldagi homilador ayollarni qabul qilishimiz zarur, – deydi Z.Bahromova. – Ammo Samarqand shahriga yaqin tumanlardan ham ko`zi yorish arafasida kelib turgan ayolni qabul qilmaslikka haqimiz yo`q. Shuning hisobiga tug`ruqxonaga keluvchilar soni bir kunda 20-30 nafarni tashkil etmoqda. Ya`ni, 150 o`rinli bo`limda ayni kunlarda 200 dan ziyod ayollar farzandlari bilan shifokor nazoratidadir.

Tashqarida qizlari, kelinlari holidan xabar olgani kelgan onalar bilan suhbatlashaman. Nega aynan shu tug`ruqxonani tanlagani haqidagi savolimga quyidagicha javoblar bo`ldi:

– Tumanimizdan ko`ra, shahar bizga yaqinroq.

– Baribir shahar shifokorlari tajribaliroq, nevaramiz sog`lom tug`ilsin, deb shu erga olib keldik.

– Yo`llanmani shu shifoxonaga berishgandi, shuning uchun bu erga kelaverdik.

Tabiiyki, tug`ruqlar soni ko`pligi, bu muassasada har bir ayolga ajratilayotgan dori-darmonlarning etishmasligi, tibbiyot muassasasidagi jihozlarning ham muddatidan oldin ishdan chiqishi kabi muammolarni keltirib chiqaradi. Haqiqatan ham tug`ruqxona xodimlarining aytishicha, u erda jarrohlik stollari, yumshoq inventarlar eskirib ketgan, kir yuvish mashinasining uchtadan faqat bittasi ishlaydi.

Agar raqamlar misolida tahlil qiladigan bo`lsak, birgina shu yilning o`zida mazkur muassasada ikki yarim mingdan ortiq chaqaloq tug`ilgan. Ularning 1261 nafari tumanlardan kelgan ayollar hisobiga to`g`ri keladi. Eng ko`p kelayotgan homilador ayollar Samarqand tumanidan ekan.

Solishtirish uchun aytish mumkinki, o`tgan oyda Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug`ruq bo`limiga borganimizda, u erda 45 o`rinli bo`limda olti oy davomida 700 ga yaqin tug`ruq qabul qilinganidan xabardor bo`lgan edik. Bu raqamlar ham kichkina ko`rsatkich emas, ammo tug`ruq bo`limidagi palatalarda karavotlar etarli, hatto bo`sh joylar ham anchagina ekaniga guvoh bo`lgandik. Bugun barcha shahar va tumanlardagi tug`ruq bo`limlari zamonaviy shart-sharoitga ega. Ammo tumanda yashovchi, ikkinchi bora kesar kesish orqali farzandli bo`lishi kutilayotgan ayol ham shahar tug`ruqxonasiga jo`natiladi. Nima, shunday eng oddiy amaliyotni tuman tug`ruqxonasidagi shifokorlar amalga oshira olmaydimi? Axir shifokorlarning barchasi bir joyda ta`lim oladi, qolaversa, yaratilgan sharoitlar ham deyarli bir xil-ku. Tug`ruqxonalarni tabaqalashtirish to`g`rimikan? Har bir tug`ruqxona eng qiyin ahvoldagi onaga ham etarli darajada yordam ko`rsata olishi lozim emasmi? Umuman, ushbu tajriba amalda qay darajada o`z natijasini berdi? Tug`ruqxonalarni darajalash onalar o`limi kamayishiga olib kelishi kutilgan edi. Ammo 2009 yilda viloyatda 13 nafar, 2010 yilda 11 nafar ona o`limi qayd etilgan. 2018 yil boshidan buyon esa 9 nafar. Bu raqamlar ham ushbu tizim o`zini oqlamayotganini ko`rsatyapti. Holat bo`yicha mutaxassislarning izohini kutib qolamiz.

Shu o`rinda boshqa davlatlardagi statistikaga e`tibor qaratsak. Misol uchun, Gruziyada bir yilda 60 mingga yaqin tug`ruq sodir bo`lar ekan. Ushbu mamlakatda 100 ta tug`ruqxona mavjud bo`lib, ularning har biriga bir yilda o`rtacha 600 ga yaqin tug`ruqlar to`g`ri keladi.

Ehtimol, onalarimizning yo`laklarda yotib bo`lsa ham farzandli bo`lishga roziligiga sabab tug`ruqxonalarimizning etarli emasligidadir? Bunga mutaxassislar nima deydi?

Gulruh MO`MINOVA.

zarnews.uzdan olindi

    Boshqa yangiliklar