Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi Katta Vaxshivor qishlog`ida 28-29 iyul kunlari baxshi-shoirlar, oqin va jirovlarning respublika festivali bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami oldidan o`tkazilgan nufuzli festival tumandagi ta`lim muassasalari va istirohat bog`larida yurtimizning turli hududlaridan kelgan baxshi-shoirlar, oqin va jirovlarning qiziqarli uchrashuvlari bilan boshlandi.
Purviqor tog`lar qo`ynidagi Katta Vaxshivor qishlog`ida bo`lib o`tgan baxshi-shoirlar, oqin va jirovlar ko`rigi o`ziga xos bayramga aylanib ketdi. Erta tongdan shomgacha qizg`in davom etgan bellashuvni viloyatning turli hududlaridan kelgan muxlislar katta qiziqish bilan tingladi, olqishladi.
Festival “Jonajon O`zbekistonim” shiori ostida baxshi-shoirlar, oqin va jirovlar, taniqli san`atkorlar, estrada xonandalari ishtirokidagi gala-konsert bilan yakunlandi.







