AsosiyJamiyat

Xalq ta`limi vazirligi huzuridagi ekspert-tahlil kengashiga rais tayinlandi

'Xalq ta`limi vazirligi huzuridagi ekspert-tahlil kengashiga rais tayinlandi'ning rasmi

Joriy yilning 27 iyul kuni Xalq ta`limi vazirligida ekspert-tahlil kengashining birinchi sessiyasi bo`lib o`tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda ta`limning ahamiyatini oshirishdagi asosiy maqsadlar va kengashning maqsad va vazifalari muhokama qilindi. Xalq ta`limi vaziri Sh.Shermatov bilan bo`lgan uchrashuvda kengash vakillari H.Sulaymonova (Davinci), V.Kan (MYWAY), M.Qosimov (Ambit), X.Mamasaidov (Dekos.uz), V.Kim (Study Smart Project), A.Yusufov (lebazar.uz), L.Po`latov (Premium Parts)lar ishtirok etishdi.

Ekspert-tahlil kengashi vazirlik bilan o`quvchilar, ularning ota-onalari, davlat va xususiy maktablar ma`muriyati, o`qituvchilari, shuningdek, boshqa ta`lim muassasalari o`rtasida o`zaro hamkorlikni ta`minlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Ekspert-tahlil kengashi konsultativ-maslahat organi bo`lib, o`z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi, uning asosiy vazifalaridan biri Xalq ta`limi vazirligi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

DaVinci Management Consulting asoschisi va hamkor boshqaruvchisi Hilola Sulaymonova bir ovozdan ekspert-tahlil kengashi raisi etib saylandi. H.Sulaymonova, shuningdek, Zarplata.uz startapi asoschisi, muvaffaqiyatli biznes-trener, motivator-ma`ruzachi, inson kapitalini rivojlantirish sohasi bo`yicha 12 yillik ish tajribasiga ega biznes konsultant hisoblanadi. U mohir boshqaruvchilarni topish, iqtidorlarni jalb qilish va rivojlantirish hamda HR (human resource management) boshqaruvi sohasida ko`p yillik tajribaga ega ekspertdir.

Uchrashuv yakunlariga ko`ra maktablar holatini batafsil tahlil qilish, zamonaviy o`quv dasturlarini yaratish bo`yicha strategiyalarni ishlab chiqish, maktab o`quvchilarida ijodiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan qo`shimcha to`garaklar va sport seksiyalari yaratishni boshlash bo`yicha qaror qabul qilindi. Tomonlar xalq ta`limi tizimini takomillashtirish yo`lida yaqin hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi.

    Boshqa yangiliklar