Mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlari o`tkaziladigan sana ham etib keldi. Abiturientlarning bor e`tibori oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlariga qaratilgan. Shu munosabat bilan Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» bu yilgi imtihonlarni tashkil etish jarayoni haqida ma`lumot berdi.
2018 yil 3 aprelda «Oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to`g`risida»gi Hukumat qarori qabul qilingan.
Qarorga ko`ra test sinovlariga kirish uchun ruxsatnoma (DTM) 29-31 iyul kunlari qabul komissiyasi tomonidan beriladi.
Bu yil test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta`lim shakli uchun 1 avgustdan 15 avgustgacha bo`lgan muddatda kuniga ikki smenada o`tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi.
Abiturient test sinovlari o`tkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena soat 13:00) gacha, binoga soat 07:30 (ikkinchi smena soat 13:30) gacha faqat abiturient ruxsatnomasi va pasporti bilan shaxsni identifikasiyalash vositalari hamda videofiksasiya qurilmalari orqali tartibli ravishda kiritiladi.
Abiturient test sinovlari boshlanganidan so`ng binoga tegishli hududga kiritilmaydi.
Abiturient ruxsatnomasida ko`rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi.
Abiturient uchun mazkur sana va vaqt qat`iy hisoblanib, unga boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi.
Test topshiriqlari umumiy o`rta va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limining umumta`lim fanlari o`quv dasturlariga muvofiq tuziladi.
Abiturientlar tanlagan ta`lim yo`nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo`yicha test sinovini topshiradi.
Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30 tadan test topshirig`ini o`z ichiga oladi.
Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to`ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig`iga 1 soat, 60 ta test topshirig`iga 2 soat, 90 ta test topshirig`iga 3 soat vaqt belgilanadi.
Abiturient quyidagi ishlarni amalga oshirishga majbur:
- test topshiriqlari kitobi va unga mos raqamli javoblar varaqasi raqamlari mosligini tekshirish;
- test materiallari nuqsonsizligini tekshirish va nuqson borligi aniqlansa, darhol guruh nazoratchisiga xabar berish;
- javoblar varaqasi to`g`ri to`ldirilishini ta`minlash;
- test topshiriqlari kitobi muqovasida va javoblar varaqasida ko`rsatilgan tegishli joyga familiyasi, ismi, otasining ismini yozib, imzo qo`yish;
- javoblar varaqasi raqamini abiturient ruxsatnomasi va titul varaqasining tegishli joyiga to`g`ri ko`chirib imzo qo`yish;
- titul varaqasida ko`rsatilgan maxsus kod va ta`lim muassasasi kodini javoblar varaqasida ko`rsatilgan tegishli joyga to`g`ri ko`chirib yozish va tegishli doirachalarni bo`yash.
Abiturient quyidagilarga shaxsan javobgar hisoblanadi:
- javoblar varaqasini havo rang pastali sharikli ruchka bilan to`ldirish;
- javoblar varaqasini bukmaslik, marker chizig`iga yozmaslik, javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni bo`yamaslik;
- javoblar varaqasi bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat bo`lganligi uchun uni to`g`ri to`ldirish;
- belgilangan vaqt tugaguniga qadar test topshiriqlari kitobida mavjud test topshiriqlarini bajargan holda javoblar varaqasining mos tartib raqamidagi tegishli doirachalarini bo`yab, test topshiriqlari kitobini va unga mos bo`lgan javoblar varaqasini guruh nazoratchisiga topshirish.
Har bir test topshirig`iga 4 tadan («A», «V», «S», «D») muqobil javoblar beriladi.
Abiturient tomonidan har bir test topshirig`iga faqat bitta javob belgilanishi shart bo`lib, test topshiriqlari kitobida to`g`ri deb hisoblangan javoblarni javoblar varaqasidagi mos tartib raqamli doirachadan bittasini bo`yaydi (javoblar varaqasida bo`yalgan javoblarni o`zgartirish mumkin emas). Agar, javoblar varaqasidagi «belgilash uchun namuna» qoidasiga rioya etilmasa, jumladan, bitta test topshirig`iga javoblar varaqasida tegishli doiracha bo`yalmasa yoki ikki va undan ortiq doiracha bo`yalsa yoxud to`liq bo`yalmasa ushbu test topshirig`iga ball berilmaydi.
Quyidagi hollarda abiturient test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos bo`ladi:
- test materiallarini boshqa abiturientga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
- test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag`ini yirtsa;
- test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so`ng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;
- test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abiturientning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.
Qarorda yana bir muhim narsa belgilangan ya`ni testga shpargalka, telefon va h.k. olib kirishga uringan abiturient o`sha zahoti testdan chetlatiladi. Avvallari telefon olib qolinib, uni nomerlangan konvertga solib, abiturientni o`zi testga kiritib yuborilar edi. Endilikda, olib kirishga urinishning o`ziyoq dalolatnoma tuzib, chetlatishga sabab bo`ladi.
Abiturient Oliy ta`lim muassasiga o`qishga kirgan yoki kira olmaganligini test sinovi o`tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali bilib olishi mumkin bo`ladi.






