O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev 28 iyul kuni Toshkent shahri Mirobod tumanidagi harbiy qismga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Davlatimiz rahbariga harbiy qismda amalga oshirilgan ta`mirlash ishlari, mudofaa tizimidagi aloqa tarmoqlarini modernizasiya qilish, jangovar va o`quv-tayyorgarlik jarayonini avtomatlashtirishga doir loyihalar haqida ma`lumot berildi.
Mudofaa tizimida eng asosiysi - aloqa. Bu tizimni zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari bilan ta`minlash, aloqa xavfsizligini chuqur biladigan mutaxassislar tayyorlash bo`yicha yangi strategiya ishlab chiqish kerak, dedi Shavkat Mirziyoev.
Askarlar orasidan texnik-muhandislik qobiliyatga ega yoshlarni saralab olish, aloqachi mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan o`quv yurtlaridagi ta`lim va amaliyot dasturini takomillashtirish, harbiylarni zamonaviy raqamli texnologiyalar bo`yicha o`qitish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari mudofaa vazirligi qo`shinlarida mavjud aloqa texnikalari namunalari bilan ham tanishdi. Harbiy qismda askarlarning xizmatni o`tashi uchun yaratilgan sharoitlarni ko`zdan kechirdi, ular bilan suhbatlashdi.










