AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev: Bitta bo`lsa ham jinoyat bo`lgani hammamizni tashvishga solishi kerak

'Shavkat Mirziyoev: Bitta bo`lsa ham jinoyat bo`lgani hammamizni tashvishga solishi kerak'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 27 iyul kuni jinoyatchilikning oldini olish, davlat idoralari va jamiyatning bu boradagi mas`uliyatini oshirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezidentning Matbuot xizmati xabar berdi.

Yig`ilishda parlament va hukumat a`zolari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari qatnashdi.

Qonun ustuvorligini ta`minlash va jinoyatchilikni jilovlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohani takomillashtirishga oid 80 dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi. Ichki ishlar idoralari tuzilmasi to`liq yangilandi. Ilgari barcha xodimlarning 60 foizi shahar va tuman boshqarmalarida, 40 foizi joylarda faoliyat yuritgan bo`lsa, bugungi kunda xodimlarning 65 foizi aholiga yaqin ishlash uchun mahallalarga yo`naltirildi.

2017 yilda jinoyatlar 2016 yilga nisbatan 16 foizga, joriy yil 6 oyida esa 39 foizga kamaygan. Lekin qasddan odam o`ldirish, qasddan badanga og`ir shikast etkazish, talonchilik, bosqinchilik, o`g`rilik va firibgarlik jinoyatlarining soni yuqoriligicha qolgan.

“Agar hamma birdek jon kuydirib, oilalar muammolaridan to`liq xabardor bo`lib, ularni hal etishga ko`maklashgan, jinoyatchilikning barvaqt oldini olganda edi, bugun natijalar umuman boshqacha bo`lardi. Afsuski, jinoyatchilikka qarshi kurashishda haligacha eskicha ishlash tizimidan voz kecha olmayapmiz. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu faoliyatga ko`rsatkichlarni oldingi davr bilan taqqoslash orqali baho berib kelmoqda. Aslida bitta bo`lsa ham jinoyat bo`lgani hammamizni tashvishga solishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoev.

Yig`ilishda jinoyatchilikni jilovlash bo`yicha ishni butunlay yangicha tizimda tashkil etish bo`yicha topshiriq berildi. “Jinoyat haqiqati va adolati” deb nomlangan bu tizimga muvofiq jinoyat sodir etilganligi bo`yicha respublikadagi mas`ul rahbarlar joylarga borgan holda uning sabablarini o`rganadi, muhokamasini tashkil qiladi, shunday holat takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar ko`radi, televidenie, radio va gazetada bong uradi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta`minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga asosan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi joriy etilgan edi. Unga ko`ra, Toshkent shahrida sektorlar kesimida 73 ta ichki ishlar bo`limi tashkil etilib, aholiga yanada yaqinlashtirildi. Ichki ishlar organlari xodimlari, Milliy gvardiya va jamoatchilik vakillari ishtirokida tunu kun 3 smenada ish yuritish yo`lga qo`yildi.

Davlatimiz rahbari Toshkentda boshlangan mazkur amaliyotni yil oxirigacha boshqa hududlarda ham joriy etish zarurligini ta`kidladi.

Yig`ilishda huquqbuzarliklar va ularni sodir etishga moyil shaxslar hisobini yuritish masalasiga ham to`xtalib o`tildi. Navbatchilik qismlarining eskicha uslubda ish yuritayotgani jinoyat haqidagi xabarlarning ba`zan e`tiborsiz qolishiga yoki hisobdan yashirilishiga sabab bo`layotgani qayd etildi.

Shu bois Ichki ishlar vazirligining Axborot markazini Bosh prokuratura tarkibiga o`tkazish, navbatchilik qismlarini respublika bo`yicha yagona axborot va boshqaruv tizimiga birlashtirish, huquqbuzarliklarni ro`yxatga olishning elektron tizimini joriy qilish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Shuningdek, har bir hududda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyati reytingini joriy etish vazifasi qo`yildi. Reytingda yuqori o`rin olgan rahbar va xodimlar mukofotlanadi, past o`rin olganlar esa qat`iy jazolanadi.

“Har bir jinoyatning ildizigacha etib borish, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish kerak. Aks holda, jinoyatning oqibatlari bilan ovora bo`lib yuraveramiz. Bunday kayfiyat bilan ishlashga yo`l qo`ymayman”, dedi Prezident.

Aholiga, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga psixiologik yordam ko`rsatish, o`z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish masalalari ham muhokama qilindi. Har bir suisidga “favqulodda holat” deb qarab, tezkor choralar ko`rish, bunday xulq-atvor paydo bo`lishiga yo`l qo`ymaslikka qaratilgan psixologik dasturlar ishlab chiqish, jonga qasd qilishning katta gunohligini ta`sirchan usullarda tushuntirish zarurligi ta`kidlandi.

O`g`rilik, firibgarlik va bosqinchilik bilan bog`liq jinoyatlar tahlil qilinar ekan, profilaktika, jinoyat-qidiruv va qo`riqlash xizmatlari faoliyatining mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilgani tanqid qilindi. Joylarda qo`riqlash xizmatidan foydalanish uchun etarli sharoit yaratilmagani, shuningdek, ayrim odamlarning huquqiy ongi pastligi, ko`chasi, mahallasidagi voqea-hodisalarga befarqligi jinoyatchilarga sharoit yaratib berayotgani aytib o`tildi.

Shu bois qo`riqlash xizmatlari faoliyatini yangi tizim asosida tashkil etish, axborot texnologiyalarini to`liq joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida servis ko`lamini oshirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Yoshlar o`rtasidagi jinoyatchilik holatlariga alohida e`tibor qaratildi. Joriy yilning 6 oyida yoshlar olti mingdan ziyod jinoyatga qo`l urgani, ta`lim-tarbiya va bandlikni ta`minlash borasidagi muammolar bunga sabab bo`layotgani qayd etildi.

“Maktab va kollejlarni bitirib, oliy o`quv yurtiga kirmagan yoshlar ertaga kim bo`lishini chuqur o`ylashimiz, ularga bugun munosib sharoit yaratib berishimiz kerak. Shu maqsadda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini qabul qildik va 800 milliard so`m mablag`ni yoshlar tadbirkorligi, bandligi uchun yo`naltirdik. Bu mablag`ni, kerak bo`lsa, yana ko`paytiramiz. Faqat endi uyma-uy yurib, har bir yosh bilan suhbatlashib, ushbu dasturning ijrosini ta`minlash lozim”, dedi Shavkat Mirziyoev.

Yig`ilishda yo`l-transport hodisalari ko`payib borayotganiga alohida e`tibor qaratildi.

Joriy yilning 6 oyida ro`y bergan shunday hodisalarning 871 tasida 943 nafar odam halok bo`lgan, yana ko`plab insonlar jarohatlangan. Haydovchi va piyodalarning bilimi, qoidalarga itoatkorligi va yo`l harakati ishtirokchilariga hurmati pastligi bunga sabab bo`lgan.

Yana bir asosiy muammo – yo`llarning ayanchli ahvoli, deyildi yig`ilishda. Yo`l qurish narxi O`zbekistonga nisbatan Xitoyda 6 baravar, Polshada esa 7,5 baravarga arzon. Lekin mamlakatimizdagi aksariyat yo`llar qoniqarsiz ahvolda. Bu ham ko`plab yo`l-transport hodisalarini keltirib chiqarmoqda.

Shu bois 2018-2022 yillarga mo`ljallangan yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash konsepsiyasi to`liq va sifatli bajarish, avtotransport boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani olish va yo`l harakati qoidalarini qasddan buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Yig`ilishda ichki ishlar xodimlarining muomala madaniyati, ular o`rtasida mansab vakolatlarini suiiste`mol qilish holatlari uchrab turgani muhokama etildi. Shaxsiy tarkibni tarbiyalash va kadrlarni rotasiya qilish, ichki ishlar organlarining tahliliy-huquqiy va prognozlash faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta`kidlandi.

Videoselektorda muhokama qilingan masalalar bo`yicha mutasaddilarning axborotlari eshitildi, vazifalar belgilab berildi.

    Boshqa yangiliklar