AsosiySport

G`ofur Rahimov Milliy olimpiya qo`mitasiga tashrif buyurdi

'G`ofur Rahimov Milliy olimpiya qo`mitasiga tashrif buyurdi'ning rasmi

27 iyul kuni Osiyo Olimpiya Kengashi vise-prezidenti, Xalqaro havaskor boks assosiasiyasi (AIBA) prezidenti vazifasini bajaruvchi G`ofur Rahimov O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Uni Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov kutib oldi.

«Bilasiz, AIBA jahonda uchinchi yoki to`rtinchi o`rinda turuvchi sport federasiyasi hisoblanadi. Boks butun dunyoda yaxshigina rivojlanib ketgan. Havaskorlar o`rtasida ham, professionallar o`rtasida ham turli musobaqalar tashkil qilib kelinmoqda. Yangi musobaqalarga asos solyapmiz. Aralash yakkakurash bo`yicha yangi yo`nalishni Olimpiya o`yinlari dasturiga kiritmoqchimiz. Unda ikki nafardan erkak va ayol o`rtasida bahs kechadi. Bu qiziqarli sport musobaqasi bo`lishi kutilmoqda.

O`zbekistonda sportga qiziqish doimo yuqori darajada bo`lgan. O`zbek zamini jahonga ko`plab kuchli va yulduz sportchilarni taqdim etgan. So`nggi ikki yilda esa sportga, yoshlar bilan ishlashga e`tibor juda oshdi. So`nggi bir yilning o`zida O`zbekistonda sport sohasida, umuman jismoniy tarbiya ta`limi va Olimpiya harakatida inqilobiy o`zgarishlar yuz bermoqda. Albatta, bu o`zgarishlar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoev olib borayotgan islohotlarning muhim bir yo`nalishidir.

Men xizmat safarlari bilan ko`p mamlakatlarda bo`laman. U erda meni o`zbek ekanligimni bilishgach, O`zbekistonda yuz berayotgan katta o`zgarishlardan xursand ekanliklarini izhor qilib, mamlakatimiz rahbari tomonidan qisqa muddatlar ichida amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlarni alohida e`tirof etishadi. Shunday paytlarda men o`zbek ekanligimdan faxrlanib ketaman. Prezidentimiz har bir o`zbekistonlik uchun namuna va ibrat timsolidir.

Mamlakat rahbari sportga shunday e`tibor qaratyaptimi, uning ishonchini oqlab, yangi g`alabalar, oltin va kumush medallarni qo`lga kiritish lozim», – dedi G`ofur Rahimov.

AIBA rahbari O`zbekistonda boks rivoji uchun har tomonlama yordam berishga tayyor ekanligini ma`lum qildi.

«Ishontirib aytamanki, O`zbekistonda boksning rivojlanishida AIBA har tomonlama yordam beradi. Bundan tashqari, o`zbek boksi maktabi o`z shonli tarixiga ega. Ustozlar an`anasini yosh avlod munosib davom ettirib, Tokio Olimpiadasida eng baland cho`qqiga erishishlariga ishonchim komil.

Ko`rsatilgan ehtirom va hurmat uchun O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasiga chuqur minnatdorchiligimni izhor qilmoqchiman. Hamkorligimiz muvaffaqiyatli va istiqbolli bo`lishiga ishonchim komil», – dedi AIBA prezidenti vazifasini bajaruvchi G`ofur Rahimov.

    Boshqa yangiliklar