Prezident Shavkat Mirziyoev tug`ilgan kunida unga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo`llagan davlat va hukumat boshliqlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, vatandoshlarga minnatdorlik izhor qildi. Murojaat matni Prezidentning rasmiy saytida e`lon qilindi.
«Tavallud topgan kunim munosabati bilan chin dildan qutlab, o`zlarining samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo`llagan davlat va hukumat boshliqlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, barcha vatandoshlarimga chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Mening sha`nimga bildirilgan bu tabrik va tilaklarni, avvalo, O`zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi, mamlakatimizning dunyo miqyosida ortib borayotgan obro`-e`tibori va nufuzining yana bir yuksak e`tirofi sifatida qabul qilaman.
Fursatdan foydalanib, mehnatkash, mard va olijanob xalqimizga yana bir bor chin yurakdan o`zimning cheksiz mehrim va hurmatimni bildiraman.
Jonajon O`zbekistonimiz ravnaqi va ko`p millatli xalqimiz farovonligi yo`lida sadoqat bilan xizmat qilish uchun bundan buyon ham bor bilim va salohiyatim, kuch-g`ayratimni safarbar etaman», — deyiladi murojaatda.






