Hukumat qarori bilan O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik kollejlari bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga o`qishga qabul qilish to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar bermoqda.
Eslatib o`tamiz, Prezidentning 2018 yil 13 apreldagi qarori bilan 2020/2021 o`quv yilidan boshlab yuridik kolleji bitiruvchilari Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavr bosqichiga hududiy adliya organlarining yo`llanmalari bo`yicha test sinovlarisiz yakka tartibdagi suhbat o`tkazish yo`li bilan kirishi mumkinligi belgilangan edi.
Nizomda ushbu jarayonning qanday amalga oshirilishi belgilab berildi.
Nizomga muvofiq, Adliya vazirligi yuridik kolleji bitiruvchilari TDYuUda o`qishni to`lov kontrakt asosida amalga oshiradi. O`qishga qabul qilish yakka tartibdagi suhbat natijalariga ko`ra belgilanadi. Suhbat abiturientlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunishini, ixtisoslikni tanlashdagi motivasiyasini, shaxsiy-kasbiy xususiyatlarini, chet tilini bilish darajasini aniqlash maqsadida o`tkaziladi.
Yuridik kollej bitiruvchilariga hududiy adliya organlari tomonidan yo`llanmalar berish masalasi bilan shug`ullanuvchi komissiya tegishli o`quv yilining 10 mayidan kechiktirmay tegishli adliya organining buyrug`i bilan tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga adliya organlari va muassasalari xodimlari, boshqa tashkilotlar vakillari kiritiladi.
Bitiruvchilar har yili 25 maydan kechikmay maxsus komissiyaga yo`llanma berish uchun ariza bilan murojaat qilishi lozim. Arizalar 1 iyundan 10 iyunga qadar ko`rib chiqiladi.
Bitiruvchining o`zlashtirish ko`rsatkichi reyting natijalari barcha fanlardan 71 va undan yuqori foizni tashkil etishi, kollej ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki, o`rnatilgan ichki tartib qoidalar, odob-axloq qoidalariga rioya etishi yo`llanma berish masalasini hal etishda minimal talablar hisoblanadi.
Maxsus komissiyaning qarori asosida hududiy adliya organi rahbari tomonidan yo`llanma berish yoki yo`llanma berishni rad etish haqidagi yakuniy qaror qabul qilinadi. Qarorning xolisligi uchun shaxsiy javobgarlik hududiy adliya organi rahbari zimmasiga yuklanadi.
Ichki tartib-qoidalarni buzgan bitiruvchiga yo`llanma berilmaydi.
Taqdim etiladigan yo`llanmalar soni kollej bitiruvchilari umumiy sonining 30 foizidan oshmasligi kerak.
Yo`llanma olgan abiturient bilan yakka tartibdagi suhbat 1 iyuldan 10 iyulgacha Adliya vazirligi va TDYuU xodimlaridan iborat tarkibdagi komissiya tomonidan o`tkaziladi. Suhbat 20 daqiqagacha davom etadi va 100 ballik tizimda baholanadi.
Chet tilidan CEFR bo`yicha B1 darajasiga, IELTS bo`yicha 5.5 va undan yuqori ballga, TOEFL bo`yicha 70 va undan yuqori ballga, TestDaF bo`yicha TDN3 darajasiga ega bo`lgan abiturientlar chet tili bo`yicha suhbatdan ozod etiladi va maksimal 25 ball qo`yiladi.
Natijalar TDYuU veb-saytida suhbat o`tkazilgandan so`ng ertangi ish kunida e`lon qilinadi. Abiturientlar yakka tartibdagi suhbatga kelmaganida, suhbatda belgilangan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball to`plaganida ularni qabul qilish amalga oshirilmaydi.
Bundan tashqari suhbat qayta o`tkazilmaydi va natijalar ustidan shikoyatlar apellyasiya tartibida ko`rib chiqilmaydi.
O`qishga qabul qilingan talabalar maxsus uch yillik dastur bo`yicha ta`lim oladilar.
TDYuU bakalavriati bitiruvchilari uch yil uzluksiz ishlab berish uchun davlat va xo`jalik boshqaruv organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar va boshqa tashkilotlarga taqsimlanadi. Yuqori reyting natijasiga ega bo`lgan bitiruvchilar o`z tanlovi bo`yicha ishga joylashadilar. Ishga taqsimlangandan so`ng bitiruvchilar bir oydan oshmagan muddatda ko`rsatilgan ish joyida bo`lishlari lozim.
Uzluksiz ishlab berishdan bosh tortgan bitiruvchi TDYuUda o`qishni bitirgan vaqtda amalda bo`lgan shartnoma summasining yigirma besh baravari miqdorida kompensasiya to`lab berishi lozim.






