Haj ziyorati har bir musulmonning orzusi. Lekin O`zbekistonga ajratilgan Haj kvotalari oshirilganiga qaramay, muqaddas ziyorat orzusida bo`lgan minglab fuqarolar navbat kutib qolishmoqda. Bugun navbatsiz Hajga otlanayotgan fuqarolar buni qanday uddalashmoqda?
2017-2018 yillarda diniy ekstremistik guruhlarga aloqador bo`lgan (159-modda) va nazorat ro`yxatiga olingan 2273 nafar shaxs to`liq reabilitasiya qilinib, maxsus ro`yxatdan chiqarilgan. Shu jumladan, 17-20 yil mobaynida ozodlikdan mahrum bo`lgan 181 nafar fuqaro o`z oilasi bag`riga qaytgan. Bu fuqarolarni ijtimoiy hayotga moslashishi va ish bilan ta`minlanishida muammo bo`lishi tabiiy.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishga joylashishda yoki yangi tadbirkorlik faoliyatini boshlashda ularga moliyaviy yordam ko`rsatgan shaxslarga Hajga navbatsiz borishda yordam ko`rsatilishi belgilangan edi. Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri qamoq jazosini o`tab qaytgan ikki nafar fuqaroga moliyaviy yordam ko`rsatdi, deb yozmoqda O`zA.
Yunusobod tumani, “Yunusobod” mahallasida istiqomat qiluvchi Nozimbek Hakimovga tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yish uchun dastlab 15 mln. so`m miqdorida mablag` zarur edi. Shuningdek, Uchtepa tumani, “Xurshid” mahallasida istiqomat qiluvchi Hikmat Ahmedov sartaroshlik kasbini davom ettirish maqsadida zarur asbob-uskunalarni xarid qilish uchun 3 mln. so`m mablag`da yordam berishni so`ragan. Mazkur vaziyatdan xabar topgan bir hamyurtimiz (ismini sir tutishni ma`qul ko`rdi) o`z xohishi va tashabbusi bilan ularga yordam ko`rsatdi.
“Hamyurtlarimiz orasida savobli ishlarga bosh qo`shadigan insonlar ko`p. Vaqtida turli sabablar bilan adashib yot oqimlarga qo`shilib qolgan fuqarolar bugun afv etilib yoki jazo muddatlarini o`tab ijtimoiy hayotga qaytmoqda. Ular ijtimoiy hayotimizdan chekkada qolib ketishlari kerak emas. Ularga hayotda o`z yo`llarini topishda, ishga joylashishda yordam ko`rsatish aslida barchamizning vazifamizdir”, deydi Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo`yicha o`rinbosari Shuhrat Turdiqulov.
O`zgalarning taqdiriga befarq bo`lmagan bu kabi fuqarolarimiz ibratga loyiq.






