Bu haqda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining ellik to`rtinchi sessiyasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov ma`lum qildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Viloyat rahbari sessiyada viloyat prokurori, ichki ishlar boshqarmasi, sog`liqni saqlash boshqarmasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshliqlarining yilning birinchi yarmidagi faoliyati yuzasidan bergan axborotlaridan so`ng, o`zi keyingi kunlarda viloyat tuman va shaharlarida turli sohalar faoliyati bilan tanishib, kuzatgan holatlarini bayon etdi.
Tadbirkorlar bilan ishlash, hududlarni obod etish, aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish borasida olib borilayotgan ishlarning talab darajasida emasligini misollar orqali bildirdi.
Jumladan, Samarqand shahar va tuman tibbiyot muassasalaridagi holat, viloyat markazida atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilarni tashish xizmatlari, Narpay tumanidagi maktabgacha ta`lim muassasasi faoliyatiga tanqidiy baho berdi.
O`z navbatida, viloyat Kengashi deputatlaridan huquq-tartibot va ijro organlarining axborot hamda hisobotlarini eshitishda faol bo`lishlari, masalalarni atroflicha muhokama etishlarini so`radi.






