Poytaxtimizdagi Yoshlar press-klubida yaqinda Singapurda bo`lib o`tgan Mental arifmetika bo`yicha xalqaro olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan yosh bilimdonlarimizni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
Joriy yilning 3 iyun kuni "Daholar laboratoriyasi maktabi" nodavlat ta`lim muassasasining 9 nafar o`quvchisi Singapurda mental arifmetika bo`yicha bo`lib o`tgan xalqaro olimpiadada O`zbekiston sharafini himoya qilgandi. Ular yakkalik bahslarda 365 finalchilar orasida sovrinli o`rinlarni egallab, umumjamoa hisobida ikkinchi o`rinni qo`lga kiritdi.
Zuhriddin Faxriddinov, Said Rashidov, Elif Ahmedova, Amalxon Xayrutdinov, Risolat Mutalova, Muhammadamin Normuhammedov, Abduqodir Normuhammedov kabi yosh bilimdonlarimiz xalqaro miqyosda O`zbekiston yoshlarining nimalarga qodir ekanini yana bir bor namoyish etdi.
"Daholar laboratoriyasi maktabi" nodavlat ta`lim muassasasining 33 o`quvchisi 14 iyun kuni Issiqko`lda (Qirg`iziston) bo`lib o`tgan xalqaro olimpiadada ham qatnashib qaytdi. Ular 500 finalchilar orasida 18 ta sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritdi.
Tadbirda intellektual bellashuv g`oliblari diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.
O`zA






