O`zbek xalqida qadimdan aynan shunday maqol borligi hammamizga ma`lum. Lekin oramizda mazkur maqolning mazmuniga tushungan holda shoshma-shosharlikka yo`l qo`ymaslik haqida o`z vaqtida xulosa chiqarib olgan shaxslar ko`p emas.
17 iyul kuni Jinoyat ishlari bo`yicha So`x tuman sudida hozirda pushaymonlikda va vijdon azobida yurgan fuqaro I.S.ni O`zbekiston Respublikasi JK 266-moddasining 2-qismi bilan ayblangan jinoyat ishi bo`yicha ochiq sayyor sud majlisi bo`lib o`tdi.
Sayyor sudda tuman jamoatchilik vakillari va mahalla fuqarolar yig`inlari faollari ishtirok etdi.
Ish hujjatlariga ko`ra I.S. o`ziga tegishli transport vositasini boshqarib, ehtiyotkorlik choralarini ko`rmasdan, o`z-o`ziga ishonish oqibatida transport vositasi harakati qoidalarini buzib, yo`l-transport xodisasiga yo`l qo`yib, quyidagi holatlarda odam o`lishiga sabab bo`lgan transport vositalari harakati qoidalarini buzish jinoyatini sodir etgan.
Xususan, u 2018 yilning 5 may kuni o`zining boshqaruvidagi transport vositasida harakatlanib, “Yo`l harakati qoidalari”ning 2-bob 11-bandi va 11-bob 77-bandi talablariga rioya etmasdan, transport vositalari harakati qoidalarini buzib, 55 yoshli fuqaro Q.V.ni yo`lni chapdan o`ng tomonga piyoda kesib o`tayotganligini ko`rib, o`zi aniqlay olishi imkoniyatidagi xavfni transport vositasining tezligini to`la to`xtashni ta`minlaydigan darajada kamaytirish yoki to`siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavf tug`dirmagan holda aylanib o`tish choralarini ko`rmasdan, piyoda Q.V.ni transport vositasining old o`ng tomoni bilan urib yuborib, yo`l-transport xodisasini sodir etgan. Natijada yo`lovchi Q.V. olgan tan jaroxatlari bilan tuman shoshilinch tez-tibbiy yordam markaziga joylashtirilgan hamda olib borilgan da`volash-muolajalalariga qaramasdan, 2018 yilning 16 may kuni shifoxonada vafot etgan.
Sudda sudlanuvchi I.S. aybiga to`liq iqror bo`lib, marhum bilan u tirikligida yarashib olganligi, hozirda chin ko`ngildan pushaymon va afsusda ekanligini bildirdi.
Sudda jabrlanuvchi qonuniy vakili B.V. marhum otasi sudlanuvchini kechirganligi sababli unga nisbatan da`vosi yo`qligini bildirdi.
Albatta, I.S. o`z qilmishidan pushaymon, u o`zining qilmishiga yarasha jazosini oldi, lekin yo`l-transport xodisasi natijasida bir nafar odam vafot etdi.
Boshqa tomondan, agar biz birgalikda mazkur toifadagi huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi kurashsak, transport vositasi haydovchisi bo`lgan yaqinlarimizga “Yo`l harakati qoidalari”ga so`zsiz rioya etishlari lozimligini tushuntirsak, har birimiz o`zimizga tegishli xulosa chiqarib olsak, o`z farzandlarimizni, keksa ota-onalarimizni bunday noxush holatlardan o`zimiz himoya qilgan bo`lamiz.
R.Zaripov,
Jinoyat ishlari bo`yicha
So`x tuman sudining raisi






