Joriy yili ikkita laynerini yo`qotgan Malaysia Airlines aviakompaniyani qayta strukturizasiya qilish rejasi doirasida 6 ming nafar xodimini ishdan bo`shatadi. Bu haqda AP agentligi xabar bermoqda.
Ishchilarni bo`shatishdan tashqari, juma kuni kompaniya rahbariyatinining o`zgarishi haqida ham rasmiy bayonot berilishi kutilmoqda.
Avvalroq, Malayziya bosh vaziri Najib Razzoq milliy aviakompaniyaning qimmat baho qog`ozlarini birjalardan olib chiqish tadbirlari boshlangani haqida ma`lum qilgan.
Payshanba kuni Malaysia Airlines aviakompaniyasining yilning ikkinchi choragi uchun moliyaviy hisoboti paydo bo`ldi. Hujjatlarga ko`ra, joriy yilning aprel oyidan iyun oyigacha kompaniyaning zarari 92 million AQSh dollarini tashkil etgan. So`nggi uch yil ichida esa kompaniya 1,3 milliard AQSh dollari miqdorida zarar ko`rgan.
Eslatib o`tamiz, 8 mart kuni Malayziya aviakompaniyasiga qarashli bo`lgan samolyot parvozga chiqqanidan ikki soat o`tgach, sirli tarzda g`oyib bo`lgan. Layner bortida 227 nafar yo`lovchi hamda 12 ekipaj a`zosi bo`lgan.
Amsterdam-Kuala-Lumpur reysi bo`yicha uchgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 samolyoti esa 17 iyul kuni Ukrainaning Donesk viloyatida qulagan. Layner bortida bo`lgan barcha 298 kishi halok bo`lgan.





