Oliy Majlis Senatining o`n beshinchi yalpi majlisida senatorlar “Mediasiya to`g`risida”gi qonunni ma`qulladi.
Mazkur qonun 4 bob, 34 moddadan iborat bo`lib, unda sohaga oid asosiy tushunchalar, prinsiplar o`rin olgan. Mediasiya ishtirokchilari hamda ularning huquq va majburiyatlari, mediasiyani qo`llash va mediasiya tartib-taomillarini amalga oshirish, nizolarni hal etish kabi masalalari qamrab olingan.
Qonun fuqarolik-huquqiy munosabatlardan, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan, shuningdek, yakka mehnat nizolari va oilaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediasiyani qo`llash bilan bog`liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Taraflar va mediator mediasiya ishtirokchilaridir. Jismoniy shaxslar ham, yuridik shaxslar ham mediasiya taraflari bo`lishi mumkin.
Mediasiya ikki va undan ortiq taraflar o`rtasida bo`lishi, shuningdek, bir yoki bir nechta mediator tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Taraflar mediasiyada shaxsan yoki o`z vakili orqali qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etadi.
Yana bir muhim jihat – mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkin.






