O`zbekiston milliy terma jamoasining 3 sentyabr kuni Iordaniya va 8 sentyabr kuni Yangi Zelandiya terma jamoalariga qarshi o`tkaziladigan o`rtoqlik o`yinlari Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo`lib o`tadi.
Har ikkala uchrashuvning boshlanish vaqti soat 19:00ga belgilangan. Bu haqda O`FF rasmiy sayti xabar bermoqda.
Eslatib o`tamiz, OK-2015 final bosqichiga tayyorgarlik ko`rayotgan O`zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogi bahslarigacha bir qator o`rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishi rejalashtirilgan. Jumladan 3 sentyabr kuni Iordaniya terma jamoasi Toshkentda mehmon bo`lsa, 8 sentyabr kuni «Paxtakor» stadionida Yangi Zelandiyaga qarshi o`yin o`tkaziladi. Ungacha Mirjalol Qosimov shogirdlari 20 avgust kuni Bokuda Ozarbayjon milliy terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik o`yinida maydonga tushadi.
Mirjalol Qosimov bosh murabbiyligidagi O`zbekiston milliy terma jamoasi, shuningdek, oktyabr oyida ham bir qator o`rtoqlik uchrashuvlarini o`tkazishni rejalashtirgan. Unga ko`ra 6 oktyabr kuni Doxada Qatar terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik uchrashuvi bo`lib o`tadi.10 va 14 oktyabr kunlari esa Bahrayin va BAA milliy terma jamoalariga qarshi o`yinlar bo`lib o`tadi. So`nggi ikki o`yin BAAning Dubay shahrida o`tkazilishi tasdiqlangan.





