AsosiyJamiyat

5 iyun – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni. Ona tabiatga munosabatimiz qanday?

'5 iyun – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni. Ona tabiatga munosabatimiz qanday?'ning rasmi

Atrof muhitning ifloslanishi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar tufayli har yili sayyoramizda kamida 5 yarim million kishi vafot etadi. 2050 yilda bu raqam 6 million kishidan ortib ketishi aytilmoqda.

Shundan teng yarmi Hindiston va Xitoy hissasiga to`g`ri keladi. Iflos havo oqibatida 2013 yilda Xitoyda 1 million 600 ming, Hindistonda bir yarim millionga yaqin, AQSh va Evropa Ittifoqi mamlakatlarida 300 mingga yaqin kishi vafot etgani aytiladi. AQShning ko`plab mintaqalarida transport va elektrostansiyalardan chiqayotgan tutunlar havoni ifloslantiradi. Bu, o`z navbatida, mamlakatda qayd qilinadigan o`limlarning 20 foiziga sabab bo`ladi. Sharqiy Amerika, Evropa, Sharqiy Osiyoda qishloq xo`jaligida ishlatiladigan zaharli moddalar havoni ifloslantirar va o`limlarning 40 foiziga sabab bo`lar ekan.

china-pollution.jpg

Jahon Sog`liqni saqlash tashkilotining Onkologik kasalliklarni o`rganish Xalqaro agentligi (IARC) e`lon qilgan Hisobotda havoning ifloslanishi saraton kasalligining asosiy sababchisi ekani aytiladi. Jahoning ko`plab mamlakatlarida havoning ifloslanishi bilan bog`liq vaziyatga maymunlar yig`laydi. “Sayyoramizdagi havo barcha insonlarga tegishli ekanligini anglab etadigan payt etib keldi. Biz havoning tozaligi uchun mas`uliyatni anglab etishimiz kerak”, deydi Onkologik kasalliklarni o`rganish Xalqaro agentligi vakili Dana Lumis.

1181229754.jpg

Havoning ifloslanishi oqibatida yuz beradigan o`limlarning 50 foiziga ko`mir sabab bo`lar ekan. Shu sababli ko`plab mutaxassislar ko`mirdan ko`ra tabiiy gazdan foydalanishga o`tish vaqti kelganini aytishadi.

1490096698.jpg

Mavjud muammo borasida tadqiqot o`tkazgan AQShning Boston shahridagi Health Effects Institutes kompaniiyasi mutaxassislari o`z xulosalarini e`lon qilishdi. Amerikaning Yelsk universiteti olimlari esa sun`iy yo`ldoshlardan olingan suratlar orqali havoning ifloslanishi bilan bog`liq jahon xaritasini yaratishdi. Unda bugungi kunda Dehli va Pekindagi havoning ifloslanishi belgilangan me`yordan 8-10 barobar yuqori ekani tan olinadi. Pekin dunyodagi havosi eng iflos shaharlardan biri sifatida qayd qilingan. Buning sababi shaharda avtomobillar sonining ko`pligi va qo`shni Xebey va Xenandagi zavodlardan zaharli tutunlarning chiqishi ekani aytiladi.

default-142.jpg

Mutaxassislarning fikricha, so`nggi 50 yil mobaynida havoning ifloslanishini oldini olish borasida Shimoliy Amerika, G`arbiy Evropa va Yaponiyada bir qator yutuqlar qo`lga kiritildi. Buning uchun mazkur mintaqalarda havoni ifloslantirmaydigan yoqilg`i va dvigatellardan keng foydalanish yo`lga qo`yildi, ko`mir iste`moli kamaytirilmoqda.

Ma`lumki, havoning ifloslanishining asosiy manbalari sifatida elektrostansiyalar, zavodlar, avtomobillardan chiqayotgan gazlar ko`riladi. Ko`mir va o`tinlardan chiqqan tutunlar ham uzoq muddat havoda ushlab qolinadi. Bu ham inson salomatligi uchun katta xavf sifatida ko`riladi.

Kanadadagi Vankuver universitetining jamoat sog`liqni saqlash fakulteti o`qituvchisi Maykl Branerning so`zlariga qaraganda, havoning ifloslanishi jahondagi o`lim sabablari ro`yxatida to`rtinchi o`rinda turadi. Ammo amerikalik olimlarning aytishicha, havoning ifloslanishi oqibatida yuz beradigan kasalliklar tufayli qayd qilinadigan o`limlar jahonda ikkinchi o`rinda turadi. Birinchi o`rinda tamaki chekish orqali kelib chiqadigan kasalliklar oqibatida yuz beradigan o`lim turadi. Har yili tamaki 6 million kishining o`limiga sabab bo`lishi bugungi kunda hech kimga sir emas. Shu sababli ham havoning ifloslanishini oldini olish insonlar salomatligi yo`lida amalga oshiriladigan ezgu ishlarning biridir.

57086731.jpg

Bugungi kunda ekologiyani sof holda saqlash maqsadida dunyo bo`ylab zaharli gazlarning havoga chiqarishni kamaytirish borasida bir qator rejalar ishlab chiqilgan. Mutaxassislarning fikricha, agar havoga zaharli moddalarning chiqishi kamaytirilmaydigan bo`lsa, u holda yaqin kelajakda havoning ifloslanishi oqibatida yuz beradigan o`limlar soni ortib boraveradi.

Chiqindilar bilan bog`liq muammolar bugungi kunda global masalalardan biriga aylanib bormoqda, desak yanglishmagan bo`lamiz. Tarixdan xulosa chiqaradigan bo`lsak, chiqindilar nafaqat gigiena va salomatlik masalasida, balki shaharsozlik, hatto xalqaro aloqalarda ham muhim o`rin tutganiga guvoh bo`lamiz.

earthrise-over-plastic-790x444.jpg

Shu o`rinda har birimiz, ko`chalarda shox-shabbalarni yoqishdan avval, o`ylab ko`raylik. Qilayotgan ishimiz bilan tabiatga ziyon etkazib qo`ymayapmizmi? Olov yoqish bilan havoni ifloslantirmayapmizmi? O`z sog`lig`imizga o`zimiz sabab bo`lmayapmizmi?

Sharofiddin To`laganov, O`zA

    Boshqa yangiliklar