AsosiyJamiyat

104 yoshli onaxon ulug` yoshda ham qaddi tikligining sirini aytdi

'104 yoshli onaxon ulug` yoshda ham qaddi tikligining sirini aytdi'ning rasmi

Sharofat momo Rajabova bugun 104 bahorni qarshi olgan bo`lsa-da, haliyam ruhi tetik, qaddi tik. Onaxonning yuz ko`zlarida shukronalik hissi mujassam.

Ikkinchi jahon urushi yillari. Bugun 104 yoshni qarshi olayotgan Sharofat momo o`sha bo`hronli yillarni xotirlarkan, qishning qirchillama kunlarida uyi yaqinidagi tut daraxti tagidan 5-6 yoshlardagi bolani topib olganligini aytadi. Unga Ultoy deb nom beradilar. Ultoy 18 yoshga etganida, qo`shni qishloqdagi qarindoshlarini izlab yo`lga tushadi. Shu ketganicha, oradan yillar o`tib, 60 yoshga kirgan Ultoy, momoning yoniga yana qaytib keladi. Xotiralar yana uyg`onadi...

Biz bu voqeani nega keltirdik? Balki, davrlar, yillar suroni oldida 5-6 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan umr unchalik ahamiyat kasb etmasdir. Ammo o`sha yillarning iztirob va zahmati bo`lakcha edi.

Ma`lumotlarga ko`ra, Ikkinchi jahon urushi arafasida mamlakatimizda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo`lsa, shundan bir yarim millioni urushda bevosita ishtirok etgan. Ya`ni yosh go`dak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan ko`prog`i qo`liga qurol olib, jang maydonlarida qatnashgan. Va bu dahshatli urushda qariyb 500 ming yurtdoshimiz, ya`ni urushda qatnashganlarning 30 foizi halok bo`lgan. Shuncha qurbon va yo`qotishlarni xalqimiz vatanini fashizm balosidan saqlab qolish uchun bergan edi. Mash`um urushda xalqimiz g`alabaga tezroq erishish uchun front ortida ham mardonavor mehnat qilgan. Sovuq urush dillarni larzaga keltirgan. Qayg`u-alam, ayriliq va judolik hech bir xonadonni chetlab o`tmagan. Urush – bu o`lim, ocharchilik, vayronagarchilik, kasallik va bolalar ko`z yoshi demakdir... Shunday og`ir sharoitlarda begona bir bolani asrab olish ham bebaho jasorat emasmi?!

Bugun Samarqand viloyati, Qo`shrabot tumani, Qiyqim qishlog`idagi Bobobekovlar oilasini hamqishloqlar ibratli va fayzli xonadon deya tilga olishadi. Sharofat momo Rajabova bugun 104 bahorni qarshi olmoqda. Momo haliyam qaddi tik, ruhi tetik, yuz ko`zlarida shukronalik hissi mujassam. Suhbatini olgan odamning bahri-dili yayraydi. Momodan shu yoshda ham bardam-baquvvatligining sirini so`raganimizda u shunday javob berdi:

– Halol mehnat, birovning haqiga ko`z olaytirmaslik, shukronalik insonni komillikka etaklaydi. Umr bo`yi elim, yurtim deb yashadim. Ocharchilikni ham, qora kunlarni ham ko`rdim. Shunda ham o`tayotgan kunimga shukr qildim. Mana bugun shularning ajrini ko`rib o`tiribman. Izzat-ikromda yashayapman. Bu gaplarni nabiralarimga ko`p aytaman. Ilohim, Yaratgan Egam shu tabarruk yurtimizni yomon ko`zlardan asrasin!

Momoning umr yo`ldoshi rahmatlik Bobobek Rajabov urushdan keyingi davrlarda uzumchilik, chorvachilik bilan uzoq yillar shug`ullandi. Ko`p yillar davomida kolxoz raisi bo`lib ishladi. Sharofat momo bilan birgalikda sakkiz nafar farzandni voyaga etkazdi. Uyli-joyli, oliy ma`lumotli, el-yurt koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyaladi. Bugun momo ko`plab nevara, chevara va evaralarning huzurini ko`rib yashamoqda.

Umid Soriev, O`zA

    Boshqa yangiliklar