“Toshkent” xalqaro aeroportida bojxonachilar tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
“Pekin-Toshkent” yo`nalishi bo`yicha uchib kelgan respublikamiz fuqarosi, Xitoydagi Chan shu instituti talabasi A.G`. “yashil” yo`lak orqali bemalol harakatlanib kelar ekan, bojxona xodimining og`zaki so`rovi paytida hech qanday ortiqcha tovarlari yo`qligini ma`lum qildi.
Ammo uning bagaji bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, ichida bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va bojxona xodimining og`zaki so`rovida aytilmagan, jismoniy shaxslar uchun belgilangan olib kirish me`yoridan ortiq bo`lgan, umumiy narxi 23 946 750 so`mga teng 100 quti tibbiyot ignalari va 1208 dona turli USB fleshkalar borligi aniqlandi.

Shunga o`xshash yana bir holatda “Seul-Toshkent” yo`nalishi bo`yicha uchib kelgan fuqaro X.R. mamlakatimizga kirib kelish chog`ida “qizil” yo`lakni tanladi.
Bojxonachilar ushbu fuqaroni qonunga itoatkor va belgilangan me`yordan ortiq tovarlari uchun boj to`laydi deb xulosa qilishgan edi.

Ammo ushbu fuqaroning bagaji bojxona ko`rigidan o`tkazilganda esa, uning ichida yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va bojxona xodimining og`zaki so`rovida aytilmagan, jismoniy shaxslar uchun belgilangan olib kirish me`yoridan ortiq bo`lgan, umumiy narxi 10 057 635 so`mga teng jami 14 dona turli uyali telefonlar borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






