AsosiyJamiyat

Chimyon tog`larida harbiy alpinistlar bahsi bo`lib o`tdi

' Chimyon tog`larida harbiy alpinistlar bahsi bo`lib o`tdi'ning rasmi

O`zbekiston Mudofaa vazirligi tog` tayyorgarligi markazida Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirliklar, Mudofaa vazirligi harbiy okrug va oliy harbiy ta`lim muassasalari harbiy xizmatchilari o`rtasida dengiz sathidan 3309 metr balandlikda bo`lgan katta Chimyon cho`qqisiga tezkor chiqish bo`yicha chempionat o`tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqa qatnashchilari Chimyon tog` etagidagi maydondan boshlab, tog`ning g`arbiy qirrasi, Beldirsoy, Cho`ponlar davoni hamda yo`nalishdagi g`or bo`ylab (mustaqillik himoyachisi, O`zbekistonda harbiy alpinizmni rivojiga munosib hissa qo`shgan “Jasorat” medali sohibi leytenant Sayyor Sadinov (marhum) yodgorligi o`rnatilgan) Chimyon tog`i cho`qqisigacha bo`lgan qoyali va qorli hududlardan o`tishdi. Har bir jamoada ikki harbiy xizmatchi ishtirok etdi. Ular 6 km.dan ziyod masofa (piyoda yurganda ikki kunlik mashaqqatli yo`l)ni qisqa fursatlarda bosib o`tib, yuqori natija qayd etishdi.

Katta Chimyon tog` cho`qqisiga birinchilardan bo`lib, 1 soatu 24 daqiqada Mudofaa vazirligi tog` tayyorgarligi markazi vakillari Sh. Botirov va Sh. O`rozboev ko`tarildi. Shundan so`ng Surxondaryo viloyatidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari J. Mirzaraimov, U. Musurmonqulov 1 soatu 52 daqiqada ikkinchi, Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari O. Qo`ldoshev va I. Abdullaev esa 2 soatu 4 daqiqada marra chizig`ini bosib, uchinchi pog`onadan joy olishdi.

Chempionatda Sharqiy harbiy okrug va Favqulotda vaziyatlar vazirligi 4 va 5 pog`onalarni band etishdi.

G`olib va sovrindorlarga Mudofaa vazirligi nomidan kubok va faxriy yorliqlar topshirildi.

    Boshqa yangiliklar