O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Davlat soliq qo`mitasi, Ichki ishlar vazirligining Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi hamda tegishli mahalliy hokimiyat organlari birgalikda “Toshkent — Andijon”, “Toshkent — Namangan”, “Toshkent — Farg`ona” va “Toshkent — Qo`qon” yo`nalishli taksi yo`nalishlari ochish bo`yicha ishlarni amalga oshirishdi. Bu haqda O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi xabar bermoqda.
Mazkur yo`nalishli taksi yo`nalishlarining oxirgi bekatlari sifatida Toshkent shahrida — Bektemir tumani, Oltin topgan ko`chasi, 2-A uyda joylashgan “Vodiy” avtostansiyasi, Farg`ona shahrida — “6-soy bo`yi” MFY, Yormozor ko`chasi, 1-uyda joylashgan “Farg`ona” avtovokzali, Andijon shahrida — Komil Yashin ko`chasi, 281-uyda joylashgan “Uzumzor” avtostansiyasi, Namangan shahrida — G`irvonsoy ko`chasida joylashgan “Namangan” avtostansiyasi, Qo`qon shahrida — Dang`ara tumani, Qo`qon hududi, Toshkent ko`chasi, 1-uyda joylashgan “Dang`ara” avtostansiyasi tanlangan bo`lib, ushbu avtostansiyalarda avtomobillar to`xtab turishi va yo`lovchilarni olish va tushirish uchun maxsus joylar, reys oldidan haydovchilarni tibbiy va avtotransport vositalarini texnik ko`rikdan o`tkazish maskanlari, yo`lovchilar va haydovchilar uchun turli qulayliklar, jumladan, ma`lumot berish xonasi, ovqatlanish va dam olish joylari, mehmonxonalar, chiptaxonalar, hojatxonalar barpo etilgan.





